Daryo.uz | Rasmiy kanal

Rossiyalik shifokor koronavirus kech kuz va erta bahorda paydo bo‘ladigan mavsumiy kasallikka aylanishi mumkinligini aytdi

Koronavirus kelajakda mavsumiy kasallikka aylanishi mumkin. Bu haqda “RIA Novosti”ga shifokor-pediatr, yuqumli kasalliklar bo‘yicha mutaxassis, vaksinolog Yevgeniy Timakov ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kasallik kech kuz va erta bahorda paydo bo‘lishi mumkin.

https://s.daryo.uz/wp-content/uploads/2020/05/mavsumiy-kasallik.jpg
Foto: “Izvestiya”

“Katta ehtimol bilan virus gripp kabi mavsumiy kasallikka aylanadi. Uning uchun qulay harorat 5-10 daraja bo‘lgani uchun kasallik kech kuz va erta bahorda paydo bo‘lishi mumkin”, — degan Timakov.

Uning ta’kidlashicha, endi aholida immunitet qatlamini shakllantirish kerak. Timakovning aytishicha, Rossiyada koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha chora-tadbirlar kasallik vaqtini uzaytirishga, sog‘liqni saqlash tizimiga yukni kamaytirishga, shuningdek, o‘lim holatlarining yuqori bo‘lishining oldini olishga qaratilgan.

Timakov, shuningdek, boshqa davlatlar bilan taqqoslaganda Rossiyada koronavirus bilan bog‘liq vaziyatning rivojlantirilishida yaxshiroq ssenariy kuzatilmoqda, deb hisoblaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, aholida asta-sekin immunitet shakllanmoqda, shu bilan birga o‘lim holatlari keskin oshishi kuzatilmayapti.

Avvalroq tibbiyot fanlari doktori, virusolog, Rossiya sog‘liqni saqlash vazirligining Gamalei nomidagi Milliy epidemiologiya va mikrobiologiya markazi professori Anatoliy Altshteyn SARS-CoV-2 odam tanasiga moslashib olgani sababli virusning insoniyatdan yo‘qolishi ehtimoli kam, deb baholayotgani xabar berilgan edi.

Xitoy Tibbiyot fanlari akademiyasining patogen biologiya instituti olimlari koronavirus yo‘q bo‘lib ketmasligi va u mavsumiy gripp kabi har yili qaytalanishini ma’lum qilgandi.

JSSTning favqulodda vaziyatlar dasturi rahbari Mayk Rayan ham COVID-19 koronavirusini yuqtirish bilan kechadigan kasallik vaqt o‘tgan sari yo‘qolib ketmay, insoniyat har kuni to‘qnash kelishi mumkin bo‘lgan yana bir kasallikka aylanishi mumkinligini aytgandi.

Mavzuga doir: