Daryo.uz | Rasmiy kanal

Izboskandagi ommaviy tadbirga SES ruxsat bermagani ma’lum qilindi

Andijon viloyatining 23-may kuni bir kishida koronavirus aniqlangan Izboskan tumanida 25-may kuni “Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam” shiori ostida piyoda yurish tadbiri tashkil etilgan edi. Viloyat hokimligi ushbu aksiya karantin tartib-qoidalariga qat’iy rioya qilingan holda tuman sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi mutaxassislarining maxsus nazorati ostida tashkil etilganini bildirgandi.

https://s.daryo.uz/wp-content/uploads/2020/05/izboskan-2.jpg
Foto: Izboskan tumani hokimligi matbuot xizmati

Shundan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda bunga SES ruxsat bergan ekan, degan xabarlar tarqaldi. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Botirjon Qurbonov AOKA huzuridagi shtabda o‘tkazilgan brifingda bu xabarlarni rad etdi.

Uning aytishicha, ommaviy tadbirlar Respublika maxsus komissiyasining tegishli qarorlari bilan bekor qilingan va bu kabi tadbirlarni o‘tkazishga ruxsat berish Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi hamda uning hududiy markazlari vakolatiga kirmaydi.

Ammo agentlik koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha profilaktik, epidemiyaga qarshi, shuningdek, insonlar salomatligini mustahkamlash borasidagi zarur talab va tavsiyalarni ishlab chiqadi.

“5000 qadam loyihasi ommaviy bo‘lmasligi kerak. Ya’ni odamlar jamoaviy yurishlari emas, balki har bir shaxs karantin qoidalariga rioya qilgan holda va ijtimoiy masofani saqlagan holda o‘zi uchun kuniga 5000 qadam piyoda yursa, sog‘lig‘i uchun foydadan xoli bo‘lmaydi”, — degan Botirjon Qurbonov.

Mavzuga doir: Shavkat Mirziyoyev: Odamlar karantinning yumshatilganini “kasallik tugadi” deb, noto‘g‘ri qabul qilmoqda