Daryo.uz | Rasmiy kanal
Saudiya Arabistonida koronavirus tufayli yopilgan 90 mingdan ortiq masjid yana ochiladi
Saudiya Arabistonida koronavirus pandemiyasi sababli dezinfeksiya uchun yopilgan 90 mingdan ortiq masjid va namozxona 31-may bomdod namozidan boshlab yana ochiladi. Bu haqda mamlakatning islom ishlari bo‘yicha vazirligi Twitter’da ma’lum qilgan.
Vazirlik masjidlarga koronavirusga chalinish xavfi guruhiga kiruvchi keksa yoshlilar va bolalar kelmasligini maqsadga muvofiq deb aytgan. Masjidlarga niqoblarda kelish, qo‘llarni yuvish va 2 metrlik ijtimoiy masofa saqlash buyurilgan. Shu maqsadda masjiddagi gilamlarda maxsus belgilar qo‘yib chiqilgan.
Bundan tashqari, masjidlarga namozdan 20 daqiqa oldin kelish mumkin. Namoz ado etilgandan 20 daqiqa o‘tib masjidlar yopiladi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Saudiya Arabistonida koronavirusga chalinganlarning umumiy soni 80 mingdan oshdi, bemorlarning 54 mingdan ortig‘i sog‘aydi, 441 nafari vafot etdi.
Mavzuga doir: Malayziyada 2 oylik tanaffusdan keyin juma namozlarini o‘qishga yana ruxsat berildi