Daryo.uz | Rasmiy kanal
Koronavirus pandemiyasidan keyin qaysi sayohat turi turizmning eng ommaviylashgan yo‘nalishiga aylandi?
BMT qoshidagi Jahon turizm tashkiloti (UNWTO) bosh kotibi Zurab Pololikashvili koronavirus pandemiyasidan keyin turistlar orasida qishloqlarga sayohat qilish avjiga chiqishini taxmin qildi, deya uning so‘zlarini keltirgan Handelsblatt.
Ekspertning taxminiga ko‘ra, sayohatning ushbu turi yanada ommalashadi, sababi turistlar odamlar to‘planadigan joylardan, xususan, sohil bo‘yi va dengiz kurortlaridan qocha boshlaydi.
“Ispaniyada joy band qilganlarning 70 foizi qishloqlarga borishni istayotgani ma’lum qilingan”, — deydi Pololikashvili.
Mavzuga doir: Ispaniya hukumati mamlakatda turizm mavsumi qaysi sanada ochilishini e’lon qildi
U yangi tendensiya ijobiy hodisa bo‘lishi, sababi sayyohlar uchun unchalik ommaviy bo‘lmagan joylar ham endi daromad qilishi mumkinligini qayd etgan.
“Biz qishloqlar bo‘ylab sayohat turizmi koronavirus inqirozidan chiqish sharoitida yaxshi daromad olib keladigan tendensiya deb hisoblaymiz”, — deya ta’kidlagan Jahon turizm tashkiloti raisi.
Shuningdek, u yaqin yillarda tog‘ va tog‘oldi hududlari, qishloqlarga sayohat qilishga bo‘lgan talab juda yuqori bo‘lishini aytib o‘tdi.
Bundan tashqari, Pololikashvili dam oluvchilarning xorijga safar qilishda ahamiyat beradigan jihatlari ham ko‘payishini taxmin qildi. Uning fikricha, endi turistlar mahalliy sog‘liqni saqlash tizimi xizmatlarining sifatiga e’tibor qaratadi.
Avval Zurab Pololikashvili xalqaro turizmning 2020-yil avgustidan avval boshlanmasligini ma’lum qilgan va turistik sayohatlarning 70 foizga qisqarishi, mamlakatlar esa avgust—sentabr oylaridan sayyohlar uchun chegaralarini ochishini bildirgandi.
Mavzuga doir:
- Turizm va sayohatlarga yana ruxsat berilgan Xitoy — suratlarda
- Butun dunyoda pandemiya tugaganidan keyin sayohat turizmining qayta boshlanish vaqti taxmin qilindi
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 1-iyundan ichki turizm o‘z faoliyatini qayta boshlaydi, shuningdek, hukumat tomonidan turizm sohasidagi “startap” loyihalar va innovatsion biznes g‘oyalarni umumiy 1,5 milliard so‘m miqdorida qisman subsidiyalash orqali qo‘shimcha ko‘mak ko‘rsatilmoqda.