Daryo.uz | Rasmiy kanal

Turizm texnikumi va kollejlariga 2020-yilda o‘qishga qabul qilingan barcha tinglovchilar davlat granti asosida o‘qiydigan bo‘ldi

“Koronavirus pandemiyasining salbiy ta’sirini kamaytirish uchun turizm sohasini qo‘llab-quvvatlashga doir kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi. Bu haqda Telegram’dagi “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

https://s.daryo.uz/wp-content/uploads/2020/05/%D0%BA-680x451.jpg
Foto: “Daryo”

Farmonga ko‘ra, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tasarrufidagi texnikum va kollejlarga 2020-yilda o‘qishga qabul qilingan barcha tinglovchilarni o‘qitish, istisno tariqasida, davlat granti asosida amalga oshiriladi.

Shuningdek, 2020-yil 1-oktabrdan boshlab joylashtirish vositalarini qurish uchun tijorat banklari tomonidan avval berilgan kreditlar bo‘yicha asosiy qarz to‘lovi 18 oydan 24 oygacha uzaytiriladi.

Ta’kidlanishicha, 2022-yil 1-yanvarga qadar yuridik shaxslar belgilangan ro‘yxatlar bo‘yicha O‘zbekistonga olib kiriladigan dezinfeksiya uchun jihozlar, texnikalar, ularning ehtiyot qismlari, bino va inshootlarni qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlash uchun aloqasiz boshqariladigan (sensorli) jihozlar, shuningdek, hidsiz dezinfeksiyalovchi vositalar uchun bojxona to‘lovlarini to‘lashdan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlar va QQS tashqari) ozod etiladi.

Avvalroq O‘zbekistonda 1-iyundan ichki turizm o‘z faoliyatini qayta boshlashi, Shavkat Mirziyoyev turizm sohasiga imtiyoz va preferensiyalar berishni taklifni qilgani haqida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yilning yanvar oyi oxirlarida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda turizm sohasida kadrlar masalasiga e’tibor qaratilib, 20 ta oliy ta’lim muassasasida hamda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga biriktirilgan 3 ta texnikum va 9 ta kollejda ishchi kasblar tayyorlash tizimini joriy etish bo‘yicha ko‘p muammolar o‘z yechimini topmagani ta’kidlab o‘tilgandi.