Daryo.uz | Rasmiy kanal
Lui van Galning noodatiy savollari, Adebayor so‘ragan maosh, Rossiya termasida ishlashni xohlamagani haqida Shota Arveladze bilan katta intervyu
Toshkentning “Paxtakor” klubi bosh murabbiyi Shota Arveladze futbolchilik faoliyati davomida Yevropaning “Trabzonspor”, “Ayaks”, “Reynjers”, AZ va “Levante” kabi klublarda to‘p surib, umumiy hisobda 265 bor raqiblar darvozasiga yo‘l topgan. U ushbu natijasi bilan Sobiq Ittifoq mamlakatlari futbolchilari orasida xalqaro maydonda eng ko‘p gol urgan o‘yinchiga aylanadi.
Futbolchilik faoliyatini yakunlagach, Arveladze murabbiylikni boshlaydi. U dastlab Niderlandiyaning AZ klubida Lui van Galga yordamchi bo‘ladi, keyinroq Kiyevda Pro litsenziyasini oladi (o‘sha vaqtlarda Gruziyada bunday kurslar bo‘lmagan, niderland va turk tilida yozish esa qiyin edi) va mustaqil ishlashni boshlaydi. Yetti yil davomida Shotaning rezyumesida “Kayserispor”, “Qosimposho”, “Trabzonspor” va Tel-Avivning “Makkabi” jamoalari paydo bo‘ladi. 2017-yilda esa ularga “Paxtakor” ham qo‘shildi. Arveladze O‘zbekistonga poytaxt klubini Osiyo futbolining yetakchilari safiga qo‘shish uchun keldi.
Rossiyaning “Sports.ru. nashri” Shota Arveladze bilan intervyu uyushtirdi, “Daryo” intervyuni o‘zbek tilida taqdim etadi.
— Murabbiy bo‘lish haqida qachon o‘ylay boshlagansiz?
Bolaligimdan beri maydonda eng faollardan bo‘lganman, murabbiylar bilan bahslashardim, futbolchilarga baqirardim, umuman olganda, boshqalardan ko‘ra ko‘proq narsani bilaman deb o‘ylardim. Albatta, hazil. O‘ttiz yoshdan oshgach, murabbiylik faoliyati haqida o‘ylay boshladim. Lui van Gal bilan AZda uchrashishdan oldin ko‘plab yaxshi murabbiylar bilan ishlagandim, ammo u butunlay boshqacha edi. U Kroyff kabi futbolga falsafiy jihatdan qaraydi. Van Gal futbolchilarga o‘zlarining kuchli tomonlarini ochib berish uchun bir qarashda ajablanarli bo‘lgan savollarni berardi.
— Van Galning qaysi savollari sizni hayratlantirgan?
U menga avval hech kim va hech qachon bermagan savolni berdi: qaysi tomondan kelgan to‘pni bosh bilan yaxshiroq urasan? U mening qaysi oyog‘im tayanch vazifasini bajarishi va qaysi oyog‘im bilan yaxshiroq sakrashimni nazarda tutgandi. Shunga asoslanib, u futbolchilarni standart vaziyatlar bo‘yicha joylashtirardi. Bu kabi kichik detallar ko‘p edi. Futbolchi sifatida men uning fikrlarini hech qachon o‘qiy olmaganman. Faqatgina uning yordamchisi bo‘lib ishlaganimdan so‘ng muayyan vaziyatda undan nima kutish kerakligini tushuna boshlaganman.
— Van Gal yana nimasi bilan yodda qolgan?
Biz yaxshi o‘ynayapmiz deb o‘ylaganimizda, tanaffus vaqtida u buning teskarisini aytardi. Va aksincha, yomon o‘ynasak ham. Shu paytgacha tanaffus vaqtida nimalarni to‘g‘irlash kerakligini xotirjam tushuntiradigan birorta murabbiyni ko‘rmaganman. Aksariyat murabbiylar odatda futbolchilarni vijdonsizga chiqarib, berilayotgan pullarni oqlamaslikda ayblab baqiradi. Agar kimdir sizga muntazam baqirib tursa, bu tez orada odatiy holga aylanib qoladi va hech qanday naf bermaydi. Agar yutqazsak, van Gal o‘yindan keyingi muhokamani o‘tkazmasdi – jangdan so‘ng musht ko‘tarmaydilar!
— “Trabzonspor”da afsona edingiz. Klubga murabbiy sifatida qaytish qanday bo‘ldi?
Barchamiz ham bizni sevadigan joyda bo‘lishni xohlaymiz. Trabzonda meni, akam Archil va oilamni juda yaxshi ko‘rishadi. Bir tomondan, bu insonga o‘zgacha motivatsiya bag‘ishlasa, boshqa tarafdan, katta mas’uliyat yuklaydi. Muxlislarga esa natija kerak. O‘sha paytda klub katta moliyaviy muammolarga duch kelgandi: futbolchilar oldidagi qarzlar 800 ming dollarga yetgandi. Afsuski, biror natija ko‘rsatishning iloji bo‘lmadi. Xayriyatki, yaxshi natija ko‘rsatmagan bo‘lsam ham, jamoa muxlislari xayrlashish uchun aeroportgacha chiqdi. Hatto ular hozirgacha ham, yetarli darajada qo‘llab-quvvatlamaganliklari uchun uzr so‘raydi.
— Hozir “Paxtakor” bosh murabbiyisiz. Bu qanday ro‘y berdi?
Alisher Usmonov orqali klub xo‘jayini Bobur Shodiyev bilan tanishganman. Toshkentga bordim, hammasini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. U yerda futbol rivoji uchun barcha sharoit borligini ko‘rdim. Keyinchalik yana bir necha bor uchrashdik va yakunda u meni shartnomani imzolashga ko‘ndirdi.
— Bu siz ortga tashlangan qadam emasmi?
Bu men uchun ortga qadam bo‘lganmi? Motivatsiyani yo‘qotgan payting bu ortga qadam bo‘ladi. Agar murabbiy ishlashni xohlasa, buning nimasi yomon? Asosiysi — o‘z darajangni ko‘tarish, oldinga intilish. Men shunday to‘p surganman, endi shu tarzda ishlayapman. “Paxtakor”da ekanligim motivatsiyamga hech qanday ta’sir o‘tkazmadi. Qachondir “Barselona” yoki “Real”ni boshqaradigan bo‘lsam ham, xuddi hozirgidek motivatsiyaga ega bo‘laman.
— Qishda klubga Eren Derdiyok keldi. Buni qay tariqa amalga oshirdingiz?
Eren bilan yaxshi tanish bo‘lishimga qaramasdan uni ko‘ndirish qiyin bo‘ldi. Birinchi navbatda u oilasi haqida qayg‘urdi. Turkiyada so‘nggi vaqtlarda deyarli o‘ynamayotgan edi. Bunday sharoitda qaror qabul qilishing kerak: sen yoki futbolchisan yoki shunchaki pul topadigan biznesmen. U terma jamoaga qaytmoqchi, Yevropa chempionatlarida o‘ynashni istaydi. O‘ylashimcha, u “Paxtakor”ga o‘tib to‘g‘ri qildi: Osiyo Chempionlar Ligasi va yaxshi sharoit.
— Derdiyok yiliga 1,5 million yevro olar ekan. Adebayor ko‘proq so‘raganligi sabab transferi amalga oshmadimi?
Adebayor yiliga 1,5 million yevro maosh so‘radi. Derdiyokniki undan bir necha barobar kam. Adebayor bilan dekabrda Londonda uchrashdik. Uni Toshkentga kelish va barchasini o‘z ko‘zi bilan ko‘rishga ko‘ndirdik. Axir faqat moliyaviy tomon emas, boshqa jihatlar muhim: yashash, mashg‘ulot va o‘yin o‘tkazadigan joy. Biroq oxir-oqibat kelishuv o‘xshamadi — u uzoq parvozlarni yoqtirmaydi, hatto biroz qo‘rqadi ham.
— “Paxtakor” o‘z oldiga qanday maqsadlarni qo‘ygan?
Osiyo Chempionlar Ligasida g‘olib bo‘lishni va klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatida ishtirok etishni hamda o‘zbek futbolchilarini Yevropa klublariga sotishni xohlaymiz. Bularning barchasi uchun jamoaning poydevori mustahkam bo‘lishi kerak, biz ham ana shunday xalqaro klub qurish ustida ishlayapmiz. Men bilan O‘zbekiston, Turkiya, Gruziya, va niderlandiyalik murabbiylari ishlaydi. Birgalikda biz o‘z o‘yin falsafamizni yaratmoqchimiz.
— Uch yil davomida klub bronza, kumush va o‘tgan yili 20 ochkolik farq bilan g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Nega jamoa hali ham o‘z cho‘qqisiga chiqmadi?
Albatta, kimdir jamoani tark etishi kerakmi? Buni istalgan paytda qilish mumkin. Ha, biz ko‘plab sovrinlarni yutdik, lekin hakam hushtagidan keyin barchasi tarixga aylanadi. Klubning poydevori endi shakllanmoqda: yangi stadion, baza va akademiya qurilmoqda. Biz dunyoning ko‘plab top-klublari bilan ishlaydigan Belgiyaning Double Pass kompaniyasi bilan shartnoma imzoladik. Biz ularga klubning o‘sishiga yordam berishi uchun yaxshigina pul to‘layapmiz.
— Siz o‘zbek futbolchilarini orzu qilishni bilmaydi degandingiz?
Nega endi ular top-klublarda o‘ynashni orzu qilmaydi? Orzu qilmagan odam hech narsaga erishmaydi. Agar Gruziyada bolalarni to‘xtatib, ulardan qayerda o‘ynashni xohlaysan deb so‘ralsa, ular Yevropaning top-klubini aytadi. O‘zbekistonda ham, xuddi shunday savolni berib ko‘ring – arab davlatlari va Osiyo klublari haqida eshitasiz, xolos. O‘zbekistonda 35 million kishi istiqomat qiladi. Biroq Yevropaning top-klublarida birorta ham o‘yinchi yo‘q, lekin ular u yerda bemalol o‘ynashi mumkin. So‘nggi uch yil ichida yondashuv o‘zgardi, futbol darajasi o‘sdi, ko‘plab iqtidorli futbolchilar yetishib chiqdi. Rossiya chempionatining eng yaxshi hujumchisi o‘zbek (Eldor Shomurodov nazarda tutilmoqda — “Daryo”) ekanligi ham bunga misol bo‘la oladi.
— Sizning orzuyingiz qanday?
Yaqindagina yangi yil oldidan... Jin ursin, hozir may men esa yaqinda deyapman. Hayot bizdan ikki oyni o‘g‘irladi va qachondir buni qaytarishi kerak bo‘ladi.
Futbolchi sifatida orzularim ushaldi – Tbilisining “Dinamo”sida, Gruziya terma jamoasida va Yevropada to‘p surish. Gollar, rekordlar... Murabbiy sifatida hali nimanidir orzu qilganimcha yo‘q. Aynan hozir buning uchun vaqt bor, bu ustida ishlayapman.
— “Zenit” bilan o‘yinni eslab turasizmi?
Buni unutish qiyin. Biz 3:0 hisobida oldinda borayotgandik va yigirma daqiqa ichida 4 ta gol o‘tkazib yubordik. “Makkabi” Yevropa Ligasining guruh bosqichida atigi uch marta o‘ynagan, shulardan biri mening qo‘l ostimda bo‘lgan. Yaxshi o‘yin ko‘rsatganimizga qaramay, natija meni judayam ranjitdi. Ko‘p kunlik mashaqqatli mehnatlardan so‘ng o‘yinni boy berish alamli edi.
O‘yindan keyin menga futbolchilar unchalik ham xafa emasdek tuyuldi. Hamma “Zenit” bizni osonlikcha mag‘lub etadi deb o‘ylardi, ammo hisob juda ham yomon emasdi. Men kiyinish xonasiga kirganimda, hammaning qo‘lida telefon edi: Instagram, fotosuratlar. Ertasi kuni futbolchilarga bu haqda o‘ylayotganimni aytdim, biroq ularga buning qizig‘i yo‘q edi.
Uchrashuvdan keyin Luchesku faoliyatida hech qachon bunday bo‘lmaganini aytgandi. Menda ham shunday bo‘lgan. Esimda, Trabzonda birinchi bo‘limdan keyin “Fenerbahche”ga to‘rtta gol urdik, uchrashuv esa 4:3 hisobida yakunlangandi. Uchrashuvdan so‘ng tribunalar top-toza edi: barcha axlatlar biz tomonga uloqtirilgandi. Garchi, g‘alaba qozongan bo‘lsak-da, muxlislarga ikkinchi bo‘limdagi o‘yinimiz yoqmagan.
— 2010-yilda Dik Advokat sizni Rossiya terma jamoasiga yordamchi sifatida taklif qilgandi. Siz o‘shanda: “Bunday qila olmayman, mamlakatlarimiz bir-biriga juda ko‘p ozor bergan”, degandingiz. Yana taklif qilishsa, endi rozi bo‘lasizmi?
Hozir ham yo‘q deyman. Hozircha hech kim bizning yerlarimizni qaytarib bergani yuq. 2008-yilda oilam Tbilisida, bolalarim esa Batumida edi. Qay darajada qo‘rqinchli bo‘lgani hamon yodimda. Buni unutish qiyin. Klub va terma jamoada ishlash bir-biridan keskin farq qiladi. Men sizning madaniyatingiz va mamlakatingizga bo‘lgan hissiyotlarimni siyosatga aralashtirishni xohlamayman, ammo bu har doim to‘g‘ri tanlov qilishimga xalaqit beradi. Hatto 2018-yilgi Jahon Chempionatiga ham kela olmadim. Sizlarga Gruziyaga viza kerak emasdir, lekin bizga Rossiya vizasi kerak. Bir qancha hujjatlarni to‘plashim, elchixonalarga qatnashim kerak edi, buning uchun ko‘p vaqt ketardi. 2002-yildan beri Moskvada bo‘lmaganman. Faqatgina fevral oyida u yerda bo‘ldim: “Spartak” bilan o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazdik. Hammasi ajoyib edi, Moskva ham, ob-havo ham. Faqat mag‘lub bo‘lganimiz ranjitdi. O‘n sakkiz yildan keyin qaytish va bu yerda tug‘ilgan kunni nishonlash yoqimli bo‘ldi.
— Murabbiylik faoliyatingizda Rossiyadan nechta taklif olgansiz?
2016-yilda “Krasnodar” rahbariyati bilan uchrashdim. Biz suhbatlashdik, bori shu. Ular bir nechta nomzodlarni ko‘rib chiqayotgan ekan, oxirida esa boshqa birovning foydasiga tanlov qilindi. “Kuban” va “Rubin” klublaridan ham qiziqish bo‘lgan. Ammo o‘shanda men Turkiyada ishlayotgandim va klubni shunchaki, tashlab ketolmasligimni aytganman.
— Gruziya terma jamoasiga tez-tez chaqirishadimi?
—Bir nechta takliflar bo‘lgan, ammo ularni rad etganman. Birinchi marta faoliyatimni yakunlaganimda. Men buni judayam xohlagandim, lekin murabbiylik borasida tajribam yo‘q edi. Van Galga yordamchi bo‘ldim va undan ko‘p narsalarni o‘rgandim. Terma jamoada esa ko‘plab do‘stlarim o‘ynaydi. Bunday sharoitda murabbiy bo‘lish juda mushkul. Birinchi daqiqalardan boshlab o‘zingiz hayotingiz davomida qilgan ishlarni taqiqlashingiz kerak. Masalan, kechgacha qarta o‘ynashni. Hamma murabbiylar buni taqiqlaydi, ammo biz baribir o‘ynayverardik.
Ikkinchi marta terma jamoa murabbiyi Sxadadze federatsiya bilan yangi shartnoma borasida kelisha olmagach, menga uning o‘rnini egallash taklif qilindi. Lekin men bu xunuk ish bo‘ladi deb o‘yladim. Yakunda hammasi yaxshi bo‘ldi, terma boshqaruviga Vayss keldi va ko‘plab o‘yinlarda g‘alabaga erishdi. Umid qilamanki, u Gruziyani Yevropa chempionatiga olib chiqadi.
— Siz bir vaqtlar Gruziya bosh vaziri bo‘lish, Gruziya terma jamoasini boshqarishdan osonroq degandingiz.
Albatta. Uchragan har bir kishi sizga iqtisodiyot islohotlar haqida gapirmaydi, futbolni esa hamma sizdan yaxshi tushunadi. Agar futbolchi gol urolmasa, murabbiy aybdor. Menda nima ayb? Men pas oshirmagan, to‘pni tepmagan bo‘lsam. Men hatto maydonga ham tushmayman, zaxira o‘rindig‘ida o‘tiraman.
— Sizda siyosiy ambitsiyalar bormi?
Menda hech qanday siyosiy ambitsiyalar yo‘q. Lekin Gruziya fuqarosining ambitsiyalari bor: birinchi navbatda qonun ustuvor bo‘lgan, odamlar yaxshi yashaydigan, bir-birlarini hurmat qiladigan, o‘g‘irlik va qotilliklardan xoli hamda sayyohlar uchun xavfsiz bo‘lgan demokratik mamlakatda yashash. Rossiya, Ozarbayjon, Armaniston va Turkiya bilan yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini yo‘lga qo‘yish. Bunday mamlakatni nevaralarimizga qaraganda oldinroq ko‘rishni xohlagan bo‘lardim. Buning nimasi qiyin? Gruziya aholisi 4 milliondan kamroq. Yashash uchun ajoyib sharoitlar yaratish mumkin bo‘lgan davlatda, siyosatchilarning insonlar hayotiga befarq ekani meni g‘azablantiradi.
— Do‘stingiz Kaxa Kaladze (sobiq futbolchi, Tbilisi shahri meri, siyosatchi) siz aytgan narsalarni qila oladimi?
U – juda iste’dodli, xarizmatik va obro‘li inson. U ko‘p narsalarga erishdi va Gruziyaning eng yaxshi siyosatchilaridan biri bo‘ldi. U futbolchiligida ham tirishqoq va intizomli edi. Sportchilar hayotda hech narsaga erisha olmaydi degan gaplar qabul qilingan, ammo men bunga qo‘shilmayman.
Albatta, yolg‘iz o‘zi eplay olmaydi. “Atirgul inqilobi”dan keyin ko‘p narsalar o‘zgardi. Yangi hukumat islohotlarni amalga oshirganda, butun mamlakat ularga yordam berdi. Ko‘plab binolar qurildi, Yevropaning istalgan joyidan hech qanday qiyinchiliklarsiz, vizasiz mamlakatga kirish mumkin. Natijada har yili Gruziyaga to‘qqiz milliondan oshiq sayyoh tashrif buyurmoqda. Mayya Panjikidze (2012–2014-yillarda Gruziya tashqi ishlar vaziri – tahr.) Yevropa Ittifoqi bilan vizasiz rejim to‘g‘risida shartnoma imzolagan. Besh yil oldin Gruziyaga banan respublikasi sifatida qaralardi, hozir esa biz deyarli barcha Yevropa mamlakatlarining chegaralarini osongina kesib o‘tishimiz mumkin.
— Gruziyaga tez-tez borib turasizmi?
Kamdan kam. Asosan ishda bo‘laman. Agar qisqa ta’tilga chiqsam, to‘g‘ri Istanbulga oilamni ko‘rishga boraman. Men Turkiyada ishlayotganimda, bolalar o‘sha yerda maktabga borishgandi. O‘sha paytda Tbilisida xorijiy maktablar yo‘q edi. Men ularni ortiqcha ovora qilishni xohlamadim. Shunday qilib Istanbulda biroz qolib ketdik. Yangi yil va yozni Tbilisida o‘tkazishga harakat qilamiz.
— Istanbulda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat qanday?
So‘nggi vaqtlarda barchasi yaxshi tomonga o‘zgarmoqda, bemorlarning soni kamayib, sog‘ayayotganlar ko‘paymoqda. Agar hammasi shu tarzda davom etsa, may oyining oxiriga borib, barchasi o‘z iziga tushishi mumkin. Cheklovlarga qaramay, odamlar ko‘chalarda yuribdi.
— Karantinni qanday o‘tkazyapsiz?
Ochig‘i, aqldan ozay deyapman. Turli janrdagi ko‘plab seriallarni ko‘rib chiqdim. Bundan tashqari, mutolaa qilyapman, o‘g‘lim bilan futbol, tennis o‘ynayapman. Kuniga 400 ta press qilyapman, lekin hech narsa o‘zgarmayapti. Qorin qo‘yib yubormaslik uchun nechta qilish kerak o‘zi?
– Ovqatlanishga alohida e’tibor berish kerak deyishadi.
Hozir bunga kim ham e’tibor beryapti. Bir yarim oydan beri uyda o‘tiribmiz. Uydagi har qanday harakat oshxona orqali o‘tadi, u yerda esa yegulik bor.
– Sizga tez-tez reklamada suratga tushishni taklif qilishadimi?
Bekhemga bo‘lgani kabi ko‘p emas. Niderlandiyada bir, Gruziyada ikki, Turkiyada uch marta tushganman.
– Takliflarni rad ham qilganmisiz?
Ko‘pincha rad etaman, agar biror reklamada suratga tushsam, keyinroq ularning raqobatchisidan shunday taklif bo‘ladi. Men shunchaki, hammasiga tupurib, ularning pulini ololmayman. Gap prinsipda.
– Ivan Urgant buni o‘qigandan keyin kulib yuborgan bo‘lardi.
Vanya – ajoyib inson, unga mumkin. Uning kasbi menikidan farq qiladi. U birinchi navbatda san’atkor va u uchun bu shunchaki rol: avval jinoyatchini o‘ynaydi, keyin esa militsionerni. Agar u Amerikada Apple homiyligida konsert bersa va unga Samsung ham homiylik qilish taklifini bersa, qanday qilib buni rad etish mumkin.
– Amakingiz – Vaxtang Kikabidzening (mashhur aktyor va qo‘shiqchi, o‘zbek tomoshabinlari uni “Mimino” filmidagi Mizandari obrazi orqali yaxshi taniydi) ishlari qanday?
Hammasi joyida. U olti yildan beri dializda (buyrakning ma’lum funksiyalarni bajarishdan to‘xtashi) bo‘lishiga qaramay, baribir konsert berishda davom etmoqda. U Toshkentda konsert berganida, ko‘zimga yosh keldi va ikki karra g‘ururlangandim – uning amakim va vatandoshim ekanligidan.