Daryo.uz | Rasmiy kanal
Shavkat Mirziyoyev bola huquqlarini himoya qilishni takomillashtirish to‘g‘risidagi qarorga imzo chekdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Bola huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorga imzo chekdi. Bu haqda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Ulug‘bek Muhammadiyev Bosh prokuraturada tashkil etilgan brifingda ma’lum qildi.
Qarorga ko‘ra, Ombudsman o‘rinbosari – Bola huquqlari bo‘yicha vakilning vakolatlari Ombudsmanning vakolatlari bilan tenglashtirilgani aytildi.
Jumladan, Ombudsmanning hisoboti, qonun hujjatlariga muvofiq, har yili O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis palatalarining majlislarida eshitilsa, endilikda bola huquqlari bo‘yicha vakilning ham shunday vakolati bo‘ladi. Shuningdek, xuddi Ombudsmanniki kabi hududlar, viloyatlar bo‘yicha mintaqaviy vakillari tayinlanadi.
Qarorga ko‘ra, endilikda Parlamentga biror idora tomonidan hujjat kiritilsa yoki qonun loyihasi o‘tkazilsa, Bola huquqlari bo‘yicha vakil ham bola huquqlari nuqtayi nazaridan kelib chiqqan holda bevosita ushbu loyihaga o‘z munosabatini bildiradi, xulosasini beradi.
Vakil Konstitutsiyaviy sud va boshqa sudlarga bolalarning huquqlarini himoya qilish yuzasidan murojaat qilish, taqdimnoma va iltimosnomalar kiritish, huzurida jamoatchilik kengashi tuzish kabi vakolatlarga ega bo‘ladi.
“Eng muhimi, mana shu qarorda belgilangan hamma vakolatlar endi ‘Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) to‘g‘risida’gi qonun loyihasiga yil davomida o‘zgartirishlar kiritilib, yangi loyiha tayyorlanadi, parlamentga kiritiladi. Qonunimiz mana shu vakolatlar kiritilgan holda yangi tahrirda qabul qilinadi”, — deydi Muhammadiyev.
Ombudsman ayni qaror mamlakatda bola huquqlari va davlat rahbarining unga munosabati, e’tiborini aks ettirishini qo‘shimcha qildi.
Eslatib o‘tamiz, Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) o‘rinbosari – Bola huquqlari bo‘yicha vakil lavozimi 2019-yilning 22-aprelida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan joriy etilgan. 2020-yilning 26-fevralida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar Aliya Yunusova nomzodini ma’qullagan.