Daryo.uz | Rasmiy kanal

O‘zbekistonda qiynoq bilan bog‘liq holatlar uch yil ichida 7 tadan 16 taga ko‘paygan

Tezkor-qidiruv, tergov va jazoni ijro etish tizimida qiynoq bilan bog‘liq holatlar so‘nggi vaqtda ko‘payishi kuzatilayotganligi qayd etildi. Bu haqda Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova ishtirokidagi brifingda ma’lum qilingan.

https://s.daryo.uz/wp-content/uploads/2020/05/9B9A5264-680x424.jpg
Foto: “Daryo”/Madina Nurman

Xususan, O‘zbekistonda 2017-yilda 7 ta, 2018-yilda 10 ta, 2019-yilda esa 16 ta qiynoqqa solish jinoyati, ya’ni Jinoyat kodeksining 235-moddasida nazarda tutilgan jinoyat (qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash) qayd qilingan, natijasi bo‘yicha aybdor shaxslar javobgarlikka tortilgani aytildi.

Shuningdek, Ortiqova tizimni takomillashtirish zaruratini kamchiliklarga ega yana bir qancha dalillar orqali izohladi.

Jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi tomonidan har yili e’lon qilinadigan Inson taraqqiyoti indeksida (Human Development Index) O‘zbekistonning o‘rni so‘nggi yigirma yilda ijobiy tomonga o‘zgarmagani ta’kidlandi. Inson taraqqiyoti indeksining baholovchi ko‘rsatkichlaridan biri - insonning fundamental huquqlari, qiynoqning oldini olish bo‘yicha xalqaro shartnomalarning ratifikatsiya qilinishi va amal qilinishi holatini aks ettiradi.

Shuningdek, qiynoqqa doir murojaatlarni ko‘rib chiqish hamda qiynoq holatlariga doir ishlar bo‘yicha tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirishning bugungi holati talabga to‘liq javob bermasligi bildirildi.

So‘nggi uch yilda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan qiynash, qo‘rqitish va boshqa tazyiqlar qilinganligi yuzasidan 757 ta (2019-208, 2018-352, 2017-197) ariza va xabarlar kelib tushgan bo‘lsa, ularning 33 tasi (2019-16, 2018-10, 2017-7), ya’ni 4,4 foizi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Mavzuga doir: Qiynoqning oldini olishga doir qaror loyihasidan qanday natijalar kutilayotgani ma’lum qilindi

Bundan tashqari, jinoyat ishini yuritish chog‘ida belgilangan muddatdan ortiqcha vaqt davomida ushlab turish, ushlab turish boshlangan vaqtni kechiktirib ko‘rsatish, g‘ayriqonuniy ravishda ushlab turish kabi holatlar kuzatilayotgani ma’lum qilindi. Shu sababli jinoyat ishini yuritish chog‘ida ushlab turilgan shaxslarning yagona elektron reyestrini yuritish tizimini yo‘lga qo‘yish jiddiy zaruratga aylangan.

Qiynoqdan jabrlangan shaxslarga yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishi va ularga ko‘rsatilgan yordam (ijtimoiy, huquqiy, psixologik) masalalari bo‘yicha aniq statistik ma’lumotlarni yuritish tizimi yo‘lga qo‘yilmagan.

Shu va boshqa shu kabi aniqlangan kamchiliklar orqali qiynoqning oldini olish bo‘yicha milliy tizim samaradorligini oshirishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish zaruratga aylangani bildirildi. Tizimni tubdan takomillashtirish maqsadida Respublika Prezidentining “Tezkor-qidiruv, tergov va jazoni ijro etish faoliyatida qiynoqning oldini olish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi ishlab chiqilgani aytildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda tashkil etilishi mumkin bo‘lgan Qiynoqning oldini olish qo‘mitasi shtati va vazifalariga oid ma’lumotlar berilgan, qiynoqning oldini olishga doir qaror loyihasidan qanday natijalar kutilayotgani ma’lum qilingan edi.