Daryo.uz | Rasmiy kanal
Navoiyda 5 ta kasallik o‘chog‘i mavjudligi ma’lum qilindi. Toshkentdan koronavirusga qarshi kurashga shifokorlar guruhi yuborildi
Navoiy viloyati aholisi orasida koronavirusga chalinish holatlari uchrayotgani sabab Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkentdagi shifokorlar guruhini viloyatga virusga qarshi kurashda yordam berish uchun yubordi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Tibbiyot xodimlarini kasbiy malakasini rivojlantirish markazi direktori va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori o‘rinbosari boshchiligida yuqori malakali shifokor-olimlar, jumladan, epidemiolog, infeksionist, otorinolaringolog, reanimatolog, pulmonolog, jarroh hamda laborant-shifokor kabi qator mutaxassislardan iborat maxsus guruh viloyatga yuborilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda viloyatda 119 nafar fuqaroda koronavirus infeksiyasi aniqlangan. Bugungi kun holatiga ko‘ra, ulardan 12 nafari sog‘aygan bo‘lsa, qolgan 107 nafar bemor shifokorlar nazorati ostida.
Ta’kidlanishicha, viloyatda kasallik, asosan, beshta o‘choq orqali tarqalganini ko‘rish mumkin. Jumladan, birinchi katta o‘choq Zarafshon shahrida, ikkincha va uchinchi o‘choqlar Xatirchi tumanida, to‘rtinchi o‘choq Konimex tumanida hamda beshinchi o‘choq Tomdi tumanida yuzaga kelgan.
Shundan kelib chiqqan holda, hududda karantin qoidalarini yanada kuchaytirish maqsadida Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Ichki ishlar, prokuratura xodimlari bilan birgalikda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish, bemorlarni davolash hamda karantindagi fuqarolarni tibbiy kuzatuvga olish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, epidemik vaziyatdan kelib chiqib, asosiy o‘choq bo‘lmish, Zarafshon shahri “qizil” hudud toifasiga kiritilgan. Bundan tashqari, 26-may kunida kasalligi aniqlangan bemorlar (31 nafar) bilan muloqotda bo‘lgan 300 nafarga yaqin fuqaro karantinga olingan: shundan 104 nafari uy karantini, 182 nafari esa statsionar karantinga joylashtirilgan. Viloyatning yana qator tuman va shaharlarida ham yuzlab fuqarolar uy va statsionar karantinga olinib, qat’iy tibbiy kuzatuvga olingan.
Shuningdek, epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, tegishli maxsus komissiya qarori bilan 8-maydan boshlab, bosqichma-bosqich Zarafshon shahridagi 11 ta mahallada kuchaytirilgan karantin qoidalari saqlab qolinib, transport vositalarining harakatlanishi cheklanishi belgilandi. Bundan tashqari, Xatirchi tumanidagi 6 ta mahallada ham karantin qoidalari kuchaytirilgan.
Eslatib o‘tamiz, 22-may kuni Navoiyda aholi orasida koronavirusga chalinishlar soni ortib borayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
O‘zbekistonda 2020-yil 29-may soat 10:00 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 3463 nafarni tashkil etmoqda. Mamlakatda shu kungacha bemorlarning 2694 nafari sog‘ayib, reabilitatsiyaga kuzatilgan, 736 nafar bemor davolanishda qolmoqda. Ulardan 6 nafari og‘ir, 1 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda. O‘zbekistonda 14 kishi esa infeksiya asoratlari oqibatida vafot etgan.