Daryo.uz | Rasmiy kanal
O‘zbekistonda Milliy frilanserlar markazi tashkil etilishi mumkin
Xalq ta’limi vazirligi “Internet tarmog‘i orqali xizmatlar eksportini amalga oshiruvchilarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori loyihasi muhokamaga qo‘ydi.
Loyihada Xalq ta’limi vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining jismoniy shaxslarga veb-frilanserlikni o‘rgatish, ularni qayta tayyorlash, malakasini oshirish va rezidentlik maqomini berish bo‘yicha mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi Milliy frilanserlar markazini tashkil etish taklif qilingan.
Unga ko‘ra:
- Internet tarmog‘i orqali mehnat daromadi olishga yo‘naltirilgan jismoniy va yuridik shaxslarga masofaviy tarzda xizmatlar ko‘rsatish, ishlarni bajarish bo‘yicha shaxsiy mehnati bilan ishtirok etishga asoslangan faoliyatni mustaqil amalga oshiradigan, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatga olinmagan va o‘z faoliyatida yollanma xodimlar mehnatidan foydalanmaydigan jismoniy shaxslar mehnat stajini hisobga olish va rag‘batlantiruvchi imtiyozlardan foydalanish huquqi bilan vaqtinchalik mehnat guvohnomalari beriladigan o‘zini o‘zi band qilgan, markaz rezidenti maqomini olgan fuqarolar veb-frilanser hisoblanadi;
- Markaz veb-frilanserlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha eksterritoriallik tamoyili asosida, shu jumladan, masofaviy tarzda kurslarni tashkil etadi hamda mazkur kurslarni muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga sertifikat beradi;
- Markazning rezident maqomi sertifikatga ega bo‘lgan jismoniy shaxslarga hamda sertifikatga ega bo‘lmasdan internet tarmog‘i orqali jismoniy va yuridik shaxslarga masofaviy tarzda xizmatlar ko‘rsatib, mehnat daromadi olib yurgan jismoniy shaxslarga, shu jumladan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llagan holda masofaviy tarzda beriladi;
- Markaz veb-frilanserlarning kasbi, tajribasi, xizmatlari qiymati kesimida Yagona reyestrni yuritadi va ularni ish bilan ta’minlashga ko‘maklashadi;
- nodavlat ta’lim muassasalari markaz bilan tuzilgan shartnomalarga muvofiq veb-frilanserlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish xizmatlarini ko‘rsatadi hamda ularga markazning sertifikatini taqdim etadi;
- Markaz rezidentlariga vaqtinchalik mehnat guvohnomasi beriladi;
- Markaz rezidentlariga vaqtinchalik mehnat guvohnomalari berilganligi uchun to‘lov undirishdan tushgan mablag‘larning oltmish foizi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga – o‘zini o‘zi band qilgan fuqaro tomonidan ijtimoiy soliqni to‘lash hisobiga hamda qirq foizi markaz hisob raqamiga yo‘naltiriladi;
- Markaz rezidentlariga o‘zini o‘zi band qilish tartibida mehnat faoliyatini amalga oshirish natijasida olgan daromadlariga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i tatbiq etilmaydi.
Veb-frilanserlarga:
- Internet tarmog‘i orqali masofaviy tarzda xorijiy jismoniy va yuridik shaxslarga xizmat ko‘rsatish (ishlar bajarish), ko‘rsatgan xizmatlari (bajargan ishlari) uchun O‘zbekiston tijorat banklaridagi hisob raqamlariga tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga ma’lumot kiritmasdan hamda bank komissiyasini to‘lamasdan xorijiy valyutada to‘lovlarni qabul qilish;
- xorijiy jismoniy va yuridik shaxslarga xizmatlar ko‘rsatish (ishlar bajarish) uchun shartnoma tuzish o‘rniga bitim (oferta) to‘g‘risidagi ommaviy taklifni qabul qilish yoki elektron ma’lumot almashish yoxud ko‘rsatgan xizmatlar (bajarilgan ishlar) uchun hisob-faktura (invoys), shu jumladan, elektron shaklda taqdim etish yo‘li bilan amalga oshirish huquqi beriladi.
Veb-frilanserdan uning O‘zbekiston tijorat banklaridagi hisob raqamlariga qabul qilingan xorijiy valyutadagi tushumning kelib chiqishini aniqlashda qarorning 3-bandida ko‘rsatilgan hujjatlardan tashqari boshqa hujjatlarni, shu jumladan, eksport shartnomani talab qilish taqiqlanadi.
Xalq ta’limi vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi markaz bilan birgalikda 2020/2021-o‘quv yilidan boshlab veb-frilanserlikka qiziqishi bor o‘quvchilarni saralash va ularni tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish hamda internet tarmog‘i orqali masofaviy tarzda daromad topishga o‘rgatishni tashkil etadi.
Belgilanishicha, Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi “Innovatsiya, texnologiya va strategiya markazi” davlat unitar korxonasi markazning ta’sischisi hisoblanadi, bunda respublika budjetidan Xalq ta’limi vazirligiga 2020-yilda qo‘shimcha 20 milliard so‘m miqdorida markaz faoliyatini tashkil etish uchun ajratiladigan mablag‘lar “Innovatsiya, texnologiya va strategiya markazi” davlat unitar korxonasiga yo‘naltiriladi.
Umumiy o‘rta ta’lim maktablari bitiruvchilarida frilans yo‘nalishlari bo‘yicha bilim va kompetensiyalarni shakllantirish va ularni kelajakda ushbu sohada ish bilan bandligini ta’minlash maqsadida davlat grantlari asosida veb-frilanserlarni tayyorlash yuzasidan quyidagi tartib o‘rnatiladi:
- Xalq ta’limi vazirligi tomonidan umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 7—11-sinf o‘quvchilari sinovdan o‘tkazilib, veb-frilanser yo‘nalishlari bo‘yicha qiziqishi bo‘lgan o‘quvchilar saralab olinadi;
- saralangan o‘quvchilar orasidan Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi belgilagan ko‘rsatkichlar asosida Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining hududiy bo‘linmalari tomonidan farzandlarini o‘qitishga davlat tomonidan qo‘llab quvvatlashga ehtiyoji mavjud oilalardan chiqqan o‘quvchilar ro‘yxati tuziladi;
- Xalq ta’limi vazirligi tomonidan mazkur ro‘yxatga kirgan har bir o‘quvchiga uning frilans yo‘nalishi bo‘yicha shaxsiy moyilligini hisobga olgan holda o‘qishi uchun davlat granti ajratilishi to‘g‘risida hujjat taqdim etiladi;
- frilanser kasbiga moyilligi bor umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 7—9-sinf o‘quvchilari o‘z maktablarida variativ o‘quv rejalar asosida va markaz tomonidan tayyorlangan o‘quv materiallaridan foydalanib “onlayn” shaklda ta’lim oladi;
- frilanser kasbiga qiziqishi bor grant ajratilgan umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 10—11-sinf o‘quvchilari kasbiy tayyorgarliklarini markaz rezidentlari bo‘lgan davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlarining maxsus kurslarida amalga oshiradilar, bunda ushbu tashkilotlarning xarajatlari belgilangan tariflar asosida faqatgina maxsus kurs bitiruvchilari markaz tomonidan tashkil qilinadigan imtihonlarni muvaffaqiyatli o‘tganlari va tegishli sertifikat olganlaridan keyin Xalq ta’limi vazirligi tomonidan qoplab beriladi;
- davlat granti hisobiga frilans yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim olgan va sertifikatga ega bo‘lgan o‘quvchilar markaz rezidentlari hisoblanadilar va o‘z daromadlarining 10 foizini markazga a’zolik badali sifatida to‘lab boradilar.
Markaz rezidentlari bo‘lgan davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlarining maxsus kurslarida o‘qitish tariflari Xalq ta’limi vazirligi va Moliya vazirligi tomonidan belgilanadi.
Moliya vazirligi davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga ehtiyoji mavjud oilalardan chiqqan o‘quvchilarni veb-frilans yo‘nalishlari bo‘yicha kasbiy tayyorlashga davlat grantlarini taqdim etish uchun Xalq ta’limi vazirligiga 2021-yilda 100 milliard so‘m, 2022-yildan Xalq ta’limi vazirligining asoslangan hisob-kitoblariga asosan zarur mablag‘larni ajratadi.