Daryo.uz | Rasmiy kanal

Yunusobodda elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar sababi ma’lum qilindi. Kun davomida ta’minot qayta tiklanadi

29-may kuni Yunusobod tumanining bir qator mavze va mahallalarida elektr energiyasi ta’minotida uzilish sodir bo‘ldi. “Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi” AJ matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, tumanda elektr energiyasi kun davomida qayta tiklanadi.

https://s.daryo.uz/wp-content/uploads/2020/05/photo_2020-05-29_12-07-16-1-680x471.jpg
Foto: “Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi” AJ

Ma’lumotlarga ko‘ra, Megaplanet ko‘ngilochar savdo majmuasi hududidagi 3, 12, 13, 14, 15, 16, 17-mavzelar, 18, 19-mavzelarda qisman hamda “Bobodehqon”, “Kulol”, “Oqtepa” mahallalaridagi aholi yashash xonadonlarining, shuningdek, tumandagi kichik sanoat zonasida elektr energiyasi ta’minotida uzilish sodir bo‘lgan.

https://s.daryo.uz/wp-content/uploads/2020/05/photo_2020-05-29_12-07-18-680x343.jpg
Foto: “Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi” AJ

29-may kuni soat 08:21 da Yunusobod tumanida pudratchi tashkilot tomonidan Yunusobod tuman elektr ta’minoti korxonasi bilan kelishmagan holda yer qazish ishlarini olib borgan. Natijada hududdagi 110/35/10 kv kuchlanishli PS “Yunusobod”dan chiquvchi yuqori kuchlanishli 10 kVli yer ostidan o‘tgan kabel tarmoqlari shikastlanishi natijasida avariya holati yuzaga kelgan. Buning natijasida “Dyukker”, “Parkoviy”, “Romashka”, “Buxoro”, “Obod”, “Almaz”, “Kolxozniy”, “Progress”, “Promzona gvardeyskaya” va Megaplanet fiderlari kuchlanishsiz qolgan.

Oqibatda yuqorida qayd etilgan Yunusobod tumanidagi hududlarda elektr energiyasi ta’minotida uzilish sodir bo‘lgan.

“Shu vaqtning o‘zidayoq ‘Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi’ AJ tizimidagi Yunusobod tuman elektr ta’minoti korxonasining tezkor brigadalarining asosiy kuch va texnikalari yuzaga kelgan holatlarni zudlik bilan bartaraf etishga qaratildi.

Ayni vaqtda barcha kuch va texnikalarni jalb qilgan holda ishlar jadal olib borilmoqda. Kun davomida bosqichma-bosqich elektr energiyasini tiklash ishlari yakuniga yetkaziladi”, — deyiladi xabarda.