Daryo.uz | Rasmiy kanal

Xitoyda sutka davomida yangi kasallanish holatlari qayd etilmadi, Janubiy Koreyada esa yana 58 kishi koronavirusga chalindi

Xitoyda bir hafta ichida ikkinchi marta sutka davomida koronavirusga chalinish bo‘yicha birorta holat qayd etilmadi, bemorlarning 3 nafari sog‘aydi, deb xabar bermoqda “RIA Novosti” Xitoy Sog‘liqni saqlash milliy komissiyasiga tayanib.

https://s.daryo.uz/wp-content/uploads/2020/05/Janubiy-Koreya-C-16.jpg
Foto: EPA

22-may kuni mamlakatda epidemiya boshlanganidan buyon birinchi bor koronavirusga chalinish bo‘yicha yangi holat qayd etilmagandi. Ertasi kuni esa 3 kishida kasallik aniqlangan.

Xitoyda umumiy hisobda 82 995 kishi koronavirusga chalingan. Bemorlarning 78 291 nafari sog‘aygan, 4634 nafari vafot etgan. Kasalxonalarda 60 nafar bemor qolmoqda.

Shuningdek, sutka davomida 5 kishi infeksiyani belgilarsiz tashuvchi sifatida qayd etilgan. Shunday kishilarning yana 409 nafari shifokorlar nazoratida bo‘lib turibdi.

Janubiy Koreyada esa sutka davomida 58 kishi koronavirusga chalingani qayd etilib, kasallanganlarning umumiy soni 11 402 nafarga yetdi, deb xabar bermoqda “RIA Novosti” mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Kasalliklar nazorati va profilaktikasi markazi (KCDC) ma’lumotlariga tayanib.

Bundan bir kun avval kasallanishlar soni ortib, 79 kishida koronavirus aniqlangandi. Epidemiya boshlanganidan buyon kunlik kasallanishlar soni 80-90 tadan 10-20 tagacha kamaygan, 6-may kuni esa bu ko‘rsatkich 2 kishigacha tushgandi.

Seulning odam gavjum bo‘lgan Itxevon hududidagi klub va barlarda kasallik yuqtirganlar soni kamida 266 nafarni tashkil qilmoqda.

Koronavirusga chalinishning oldini olish bo‘yicha choralarga yetarlicha amal qilmagan Puchon shahridagi Coupang kompaniyasi omborxonasida esa kamida 97 kishi virusni yuqtirib olgan. Ayni paytda omborxonaning xodimlari va unga tashrif buyurgan jami 4159 kishi karantinga olingan. Juma kuni ularning koronavirusga test natijalari chiqishi lozim. Ularning o‘qiydigan yoki ta’lim muassasalarida ishlaydigan qarindoshlariga ishga yoki o‘qishga borish taqiqlangan. Agar borishgan bo‘lsa, butun muassasa karantinga yopiladi.

Mamlakatda so‘nggi sutkada 23 kishi koronavirusdan sog‘ayib chiqib, tuzalganlarning umumiy soni 10 363 kishiga yetdi. Sog‘ayish ko‘rsatkichi 90,9 foizni tashkil qilmoqda. Virus qurbonlari soni o‘zgarmagan, 269 kishini tashkil qilmoqda.

Janubiy Koreyada koronavirusni aniqlash bo‘yicha 850 tadan ortiq test o‘tkazilgan.

Mavzuga doir: JSST: Butun dunyoda koronavirus infeksiyasidan vafot etgan bemorlar soni 350 ming nafardan oshdi