Daryo.uz | Rasmiy kanal

Denov hokimligi internetda muhokamalarga sabab bo‘lgan Amir Temur haykali bo‘yicha munosabat bildirdi

Ijtimoiy tarmoqlarda 27-may kuni Surxondaryo viloyatining Denov shahridagi Amir Temur haykali keng muhokamaga sabab bo‘ldi. Foydalanuvchilarning fikricha, uning qo‘lidagi Temuriylar saltanati belgisi tushirilgan buyum gilam qoqqichga o‘xshaydi. Denov tumani hokimligi mazkur muhokamalarga o‘z munosabatini bildirdi va haykaldagi belgi yuzasidan tushuntirish berdi.

https://s.daryo.uz/wp-content/uploads/2020/05/551ba02b205cc04c5ba22-680x484.jpg
Foto: Denov tumani hokimligi

Ma’lum qilinishicha, haykal Denov shahar hokimligining 1996-yil 25-apreldagi farmoyishiga asosan bunyod etilgan. Haykalda Amir Temurning uch halqadan iborat belgi biriktirilgan hassani qo‘lida tutgan siymosi aks etgan.

Qayd etilishicha, uch halqa Temur va Temuriylar saltanati bayrog‘i, tamg‘asi va tangalarida tasvirlanganligi tarixiy manbalarda keltirib o‘tilgan.

“Amir Temur saroyida xizmat qilgan arab tarixchisi Ibn Arabshoh, Samarqandga ispan elchisi sifatida kelgan Rui Gonzales de Klavixo tomonida keltirilgan ma’lumotlarda va boshqa ilmiy risolalarda qayd etilishicha, bir-biriga tutashgan uch halqa tasvirining Amir Temur bayrog‘i, tamg‘asi va tangalariga tushirilishi bu uning Yer yuzidagi uch iqlim, ya’ni shimol, janub va g‘arb hududlarini o‘z hukmronligi ostida birlashtirganini, dunyoning uch qismi podshosi ekanligini ifodalagan.

Qo‘lida uch halqadan iborat belgi biriktirilgan hassa tutgan Amir Temur haykali bobokalonimizning shon-shuhrati, uch iqlimni birlashtirgan yengilmas mashhuri zamon bo‘lganligi ramzidir”, — deyiladi hokimlik bayonotida.

Hokimlik tomonidan ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston Prezidentining “2020—2022-yillarda Surxondaryo viloyatining Denov tumani va uning markazini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan. Ushbu qarorda Denov tumani markazidagi xiyobonda o‘rnatilgan Amir Temur haykali qayta rekonstruksiya qilish ko‘zda tutilgan.

Mavzuga doir: Muhokamaga sabab bo‘lgan Amir Temur haykali, namoyishga chiqqan dunyo, plyajdagi buldozer. 27-may suratlari