Daryo.uz | Rasmiy kanal
Xorazmda 18 yoshli yigit otasining Lacetti’sida Damas bilan to‘qnashdi. YTH oqibatida 19 yoshli qiz vafot etdi
Xorazm viloyatining Xiva tumanida 24-may kuni yuz bergan Lacetti va Damas ishtirokidagi yo‘l-transport hodisasi 19 yoshli qizning o‘limiga sababchi bo‘ldi. Bu haqda Tergov departamenti xabar bermoqda.
Hodisa 24-may kuni soat soat 17:30 da Xiva tumani “Oq ko‘l” mahallasidan o‘tgan 4R-157A-sonli avtomobil yo‘lining 15-kilometrida sodir bo‘lgan. 18 yoshli B.S. avtotransport vositasini boshqarish huquqini beruvchi hujjatlarisiz otasi O.X.ga tegishli bo‘lgan Lacetti’ni boshqarib ketayotganida yo‘lning qarama-qarshi yo‘nalishiga chiqib, shu yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan Damas bilan to‘qnashgan.
YTH oqibatida Damas haydovchisi 35 yoshli B.V. ismli erkak, yo‘lovchilar 19 yoshli O.J. ismli qiz va 32 yoshli I.X. ismli ayol tan jarohati bilan tuman tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan. 19 yoshli qiz ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan shifoxonada vafot etgan.
Holat yuzasidan Xiva tumani IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Odam o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda. Ushbu modda bo‘yicha aybdor deb topilgan shaxs 7 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
O‘zbekiston yo‘llarida ikki avtomobil to‘qnashishi oqibatida yo‘lovchilarning halok bo‘lishi tez-tez kuzatilib turadi. 19-may kuni Buxoroda Nexia va Lacetti to‘qnashuvi oqibatida 19 yoshli qiz, 26-may kuni Toshkentda Nexia-2 va Tico to‘qnashuvi oqibatida 39 yoshli erkak, 27-may kuni Samarqandda Lacetti va Damas to‘qnashuvi oqibatida 36 yoshli erkak vafot etgandi.