Daryo.uz | Rasmiy kanal
Moskva rasmiylari may oyida koronavirus qurbonlari soni ortishiga tayyorgarlik ko‘rmoqda
Moskvada aprel oyida koronavirusdan vafot etish darajasi 1,4 foizdan 2,8 foizgacha bo‘ldi. May oyida bu ko‘rsatkich yana ortishi mumkin. “RBK”ning yozishicha, bunday ma’lumotlar Moskva sog‘liqni saqlash boshqarmasi saytida e’lon qilingan tahliliy hisobotda qayd etilgan.
O‘limning asosiy sababi COVID-19 bo‘lganlarni hisobga olinganda 1,4 foizga to‘g‘ri kelgan. 2,8 foizlik ko‘rsatkich esa koronavirusdan va pnevmoniya kuzatilmagan bo‘lsa ham SARS-CoV-2’ga testi ijobiy chiqqan kishilarning boshqa sabablarga ko‘ra vafot etgan barcha bemorlarni hisobga olish natijasida chiqqan.
“May oyida o‘lim darajasi ko‘proq bo‘lishi hozirdanoq ma’lum. Moskvada koronavirusga chalinishning avj pallasi aprel oyi oxirlariga to‘g‘ri keldi. Kasallanish cho‘qqisidan o‘lim holatlari cho‘qqisigacha orada taxminan 2-3 hafta vaqt o‘tadi. Bu ko‘rsatkichlar ham tahlil qilinib, ochiq e’lon qilinadi”, — deb aytilgan Moskva sog‘liqni saqlash boshqarmasi xabarida.
Avvalroq Moskva meri shaharda karantin choralari yanada yumshatilishini e’lon qilgani haqida xabar berilgandi.
Mavzuga doir: Moskvada koronavirusga antitanani aniqlash uchun dunyoda birinchi bo‘lib bepul ommaviy skrining o‘tkaziladi