Daryo.uz | Rasmiy kanal

Bir oilaning 7 nafar a’zosida koronavirus aniqlangan Shofirkon tumaniga kirib-chiqish to‘xtatildi

Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida bir oilaning yetti nafar a’zosida koronavirus aniqlanganligi sababli tuman “qizil” hududga kiritildi va kirib-chiqish to‘xtatildi. Bu haqda tuman hokimligi axborot xizmatiga tayanib, “Daryo” muxbiri xabar bermoqda.

https://s.daryo.uz/wp-content/uploads/2020/05/photo_2020-05-28_21-17-26.jpg
Foto: Shofirkon tuman hokimligi

Ta’kidlanishicha, tumanga kirib-chiqish joriy yilning 28-mayidan boshlab to‘xtatilgan va koronavirusga qarshi kurash tezkor shtabi tuzilgan.

Shuningdek, tungi vaqtlarda tuman hududida fuqarolarning bemaqsad yurmasligi, karantin qoidalariga rioya qilinishi lozimligi haqida targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilgan. Odamlarning bemaqsad ko‘chada yurishi va to‘planishining oldini olish, jamoat joylarida tibbiyot niqobida yurish, COVID-19 virusini yuqtirib olishdan saqlanish uchun nazorat kuchaytirilgan.

Huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmagan fuqarolarga nisbatan qonuniy choralar ko‘rish to‘g‘risida topshiriq berilgan.

https://s.daryo.uz/wp-content/uploads/2020/05/photo_2020-05-28_21-18-33.jpg
Foto: Shofirkon tuman hokimligi

Ma’lum qilinishicha, ayni kunlarda koronavirus aniqlangan fuqarolar hamda ular bilan muloqotda bo‘lganlardan dastlabki test namunalari olinmoqda. Joriy yilning 24-mayidan 29-mayga qadar tuman markazidagi odamlar gavjum bo‘ladigan barcha maskanlar — savdo do‘konlari, bozor va rastalar, yoqilg‘i quyish shoxobchalarida bo‘lgan fuqarolardan tuman sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markaziga murojaat qilib, tegishli tahlillardan o‘tishi so‘ralgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 28-may soat 23:00 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 7 kishiga ko‘payib, 3444 nafarni tashkil etmoqda.