Daryo.uz | Rasmiy kanal
Xonobod shahrini Farg‘ona vodiysining turizm markaziga aylantirish rejalashtirilmoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyev 21—22-may kunlari Andijon viloyatiga tashrifi davomida ichki turizmni rivojlantirish, xususan, Xonobod shahrini turizm markaziga aylantirish bo‘yicha ko‘rsatma bergan. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, davlat rahbarining topshirig‘idan kelib chiqib, bosh vazir o‘rinbosari — Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov boshchiligida Xonobod shahrini Farg‘ona vodiysining turizm markaziga aylantirishga doir tegishli ishlar olib borildi.
Ta’kidlanishicha, Aziz Abduhakimov Andijon viloyatidagi qator turizm obyektlari holati bilan tanishdi hamda Xonobod shahri hokimligi, turizm yo‘nalishida faoliyat olib borayotgan tashkilotlar vakillari, tadbirkorlar bilan Xonobod shahrini turizm markaziga aylantirish, viloyatda turistik qishloqlarni tashkil qilish hamda ichki turizmni rivojlantirish borasida uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv davomida hokimlik va tegishli idoralar mas’ullari, turistik xizmatlar ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar, turistik obyektlar rahbarlari bilan mavjud muammolar ko‘tarilib, hududda turizmni rivojlantirishga oid taklif va mulohazalar almashildi.
Yig‘ilishda sayyohlarni jalb etishga doir jahon tajribasi haqida so‘z yuritildi hamda mas’ullarga Prezident topshiriqlari ijrosini amalga oshirish bo‘yicha zarur tavsiya va ko‘rsatmalar berildi. Mazkur tavsiya va ko‘rsatmalarni amalga oshirish maqsadida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, qo‘mitaning Andijon viloyat hududiy boshqarmasi, hokimlik va tegishli tashkilot va idoralar vakillari 25-maydan e’tiboran Xonobod shahrida doimiy o‘rganishlarni yo‘lga qo‘ydi.
Xususan, shahar hokimligida qator tashkilot va idoralar rahbarlari bilan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Xonobodni turizm markaziga aylantirish, uning konsepsiyasini yaratish bo‘yicha Prezident topshirig‘i ijrosini o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish masalalari hamda viloyatda koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq sanitar-gigiyenik holat muhokama qilindi. Ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash va nazorat qilish maqsadida hokimlik, tegishli tashkilot va idoralar vakillaridan iborat maxsus ishchi guruh tuzildi.
Ishchi guruh Xonoboddagi turistik obyektlar holatini o‘rganib chiqdi. Ayni damda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilmoqda. Shuningdek, turizm yo‘nalishida investitsiyalar jalb etishga oid ishlar jadallashtirish haqida so‘z yuritildi. Bundan tashqari, hududning pandemiyadan keyingi davrda sayyohlarni qabul qilishga sanitar-gigiyenik tayyorgarligi masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Ushbu yo‘nalishdagi ishlarga tayyorgarlik ko‘rish uchun hozirgi kunda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi vakillaridan iborat ishchi guruhlar har bir obyekt, sanatoriy, dam olish maskanlari, bolalar lagerlari, kafe va restoranlar, madaniy meros obyektlarida tibbiy xavfsizlik talablari hamda ijtimoiy masofani saqlash ishlarini o‘rganib, tegishli dalolatnomalarni rasmiylashtirmoqda.
Ta’kidlanishicha, pandemiya davri tugashi bilan turizm xizmatlarini yo‘lga qo‘yishga oid ishlar Andijon viloyati kesimida ishlash uchun shay holatga keltiriladi va rasman ruxsat berilgan kundan e’tiboran faoliyat yuritishni boshlaydi.
“Bu esa viloyatdagi 43 ta ziyorat va madaniy meros obyekti, 5 ta sanatoriy, 375 ta kafe, restoran va 125 ta choyxona faoliyat ko‘rsatishi va asosiysi — 12 mingga yaqin aholining ish o‘rinlari qayta tiklanishini ta’minlaydi”, — deyiladi qo‘mita xabarida.
Mavzuga doir:Foto: Andijon viloyatining sayohatbop 7 maskani
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 27-may kuni turizm sohasidagi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi hamda turizm sohasiga yangi imtiyoz va preferensiyalar berishni taklifni qildi.