Daryo.uz | Rasmiy kanal

Rossiyada bahor faslida eng ommalashgan mobil ilovalar nomi ma’lum bo‘ldi

Avast kompaniyasi tomonidan Rossiyadagi 1,5 ming kishi orasida o‘tkazilgan so‘rovlarga ko‘ra, bahor faslida rossiyaliklarning 43 foizi ijtimoiy tarmoqlardan tez-tez foydalanadigan bo‘lgan, deb xabar beradi Hi-Tech.Mail.ru.

https://s.daryo.uz/wp-content/uploads/2020/05/%D0%91%D0%B5%D0%B7-%D0%BD%D0%B0%D0%B7%D0%B2%D0%B0%D0%BD%D0%B8%D1%8F-72-680x382.jpg
Foto: Depositphotos

Yoshi 18 ga yetmagan foydalanuvchilar orasida ushbu ko‘rsatkich 68 foizga teng. Shuningdek, nafaqaxo‘rlarning 37 foizi mashhur ijtimoiy tarmoqlarga ko‘proq kira boshlagan. Shu bilan birga, so‘rovda ishtirok etganlarning 21 foizi ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga qo‘yadigan postlari sonini oshirgan. Har besh nafar rossiyalikning ikki nafari smartfonlar uchun mo‘ljallangan kamida bitta yangi ilovani sinab ko‘rgan. So‘rovda qatnashgan bolalarning salkam 70 foizi yangi mobil ilovalardan foydalanishga o‘tgan.

Rossiyaliklar karantin vaqtida eng ko‘p foydalangan ilova bu — Zoom videokonferensiyalar servisi hisoblanadi. Uni 33 foiz respondent o‘rnatib olgan. Undan keyingi o‘rinlardan Instagram (18 foiz), Discord (17 foiz) va Telegram (15 foiz) joy olgan. TikTok servisi esa 14 foiz ko‘rsatkichni qayd etgan. Zoom va Discord ilovalarini aksariyati 18 yoshgacha bo‘lgan yoshlar ochgan, taxminan 40 foiz bolalar buni tan olgan. Bu kutilgan natija hisoblanadi, chunki Zoom va Discord maktablar, OTM va repetitorlar tomonidan faol foydalanilmoqda.

“Har qanday inqirozda yolg‘izlik va bo‘shliq hissi paydo bo‘ladi. Odamlar izolyatsiya sabab uni to‘ldirishni, qo‘llab-quvvatlovni his qilishni, muloqotda bo‘lishni va atrofdagi salbiy holatlar fonida ijobiy narsalarni his qilishni xohlashmoqda”, — deydi psixolog Tatyana Shemyakina.

Shu bilan birga, uning ta’kidlashicha, karantindan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarga bog‘lanib qolish holati yuzaga kelishi mumkin. Bu, ayniqsa, ruhiyati qotmagan bolalarga taalluqli.