Daryo.uz | Rasmiy kanal

MDH hukumat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi Abdulla Aripov raisligida videoanjuman shaklida bo‘lib o‘tadi

Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi ishtirokchi davlatlari hukumat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi O‘zbekiston raisligi doirasida 2020-yil 29-may kuni videoanjuman shaklida bo‘lib o‘tadi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi.

https://s.daryo.uz/wp-content/uploads/2020/05/lphRsv1ybPknmfFglsK-KULM0uInrdq4-680x367.jpg
Foto: EPA

Xabar berilishicha, majlis O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov raisligida o‘tadi. Tadbirda Ozarbayjon bosh vaziri Ali Asadov, Belarus bosh vaziri Sergey Rumas, Qozog‘iston bosh vaziri Asqar Mamin, Moldova bosh vaziri Ion Kik, Rossiya hukumati raisi Mixail Mishustin, Tojikiston bosh vaziri Qohir Rasulzoda, Armaniston bosh vaziri o‘rinbosari Mger Grigoryan, Qirg‘iziston bosh vaziri o‘rinbosari Erkin Asrandiyev, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov va MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi — ijrochi kotibi Sergey Lebedev ishtirok etishi kutilmoqda.

Hukumat rahbarlari kengashi majlisi kun tartibiga Hamdo‘stlik ishtirokchi davlatlarining turli jabhalardagi hamkorligiga oid 15 ta masala kiritilgan.

Qayd etilishicha, muzokaralar chog‘ida iqtisodiy, transport-logistika, energetika, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikning dolzarb yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashiniladi hamda koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi birgalikdagi sa’y-harakatlar muhokama qilinadi.

Mavzuga doir: Markaziy Osiyo mamlakatlari va Rossiya pandemiya sharoitida fuqarolarga ko‘rsatiladigan o‘zaro yordamni muvofiqlashtiradi