Daryo.uz | Rasmiy kanal

Shavkat Mirziyoyev: “Davlat aktivlarini xususiy investorlarga berishni tezlashtirish zarur”

Shavkat Mirziyoyev turizm va davlat aktivlarini xususiylashtirish sohalaridagi loyihalar taqdimoti bilan tanishish chog‘ida davlat aktivlarini xususiy investorlarga berishni jadallashtirish zarurligini ta’kidladi.

https://s.daryo.uz/wp-content/uploads/2020/05/87dd4884-e2cd-a2db-2870-620fc703c9b6.jpg
Foto: Prezident matbuot xizmati

Bugungi kunda O‘zbekistonda 2 ming 965 ta davlat ishtirokidagi korxona mavjud. Ularning aksariyati eski usulda, samarasiz ishlamoqda. Ushbu korxonalarning yarmidan ko‘pi hatto dividend to‘lash imkoniga ega emas.

2019-yil 11-dekabr kuni Prezident huzurida o‘tkazilgan yig‘ilishda ushbu korxonalarni bozor prinsiplari asosida isloh qilish, xususiy investorlarga sotish bo‘yicha topshiriqlar berilgan. Shundan kelib chiqib, respublika bo‘yicha yalpi xatlov o‘tkazilgan.

Yil boshidan beri 299 ta davlat aktivi 348 milliard so‘mga sotildi. Yangi investorlar ushbu obyektlarga jami 3,3 trillion so‘m investitsiya kiritib, 4 ming 700 nafar yangi ish o‘rni yaratish majburiyatini olgan.

Xususan, sobiq “Chorsu” mehmonxonasi, “Samarqandkimyo” korxonasi, “O‘zbekiston” mehmonxonasidagi davlat ulushi, Qo‘ng‘irot soda zavodi sotilgan. Bu obyektlarga 425 million dollar investitsiya kiritilib, 800 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Taqdimotda davlat aktivlarini xususiylashtirish, bo‘sh turgan obyektlar va yer maydonlarini aniqlash hamda ulardan samarali foydalanish, davlat ishtirokidagi korxonalarda korporativ boshqaruvni joriy etishga doir rejalar haqida ma’lumot berildi.

Shavkat Mirziyoyev sohadagi ishlarni davom ettirib, yana 1 ming 400 ga yaqin davlat aktivlarini xususiy investorlarga berishni tezlashtirish zarurligini ta’kidladi. Vazirlar Mahkamasiga xususiylashtirish dasturini tasdiqlash vazifasi qo‘yildi.

https://s.daryo.uz/wp-content/uploads/2020/05/25bc7f70-5e0f-a23e-e87e-6ed580f50569.jpg
Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga tarmoq rahbarlari bilan birga unumsiz ishlayotgan 711 ta korxonani tugatish, 262 tasini qayta tashkil etish, shuningdek, 500 dan ziyod bozorlarni xususiy sektorga berish bo‘yicha yo‘nalishlar aniqlandi. Prezident davlat ixtiyorida saqlab qolinadigan korxonalarni boshqarish va isloh qilish bo‘yicha yangi tizim joriy etish muhimligini qayd etdi.