Daryo.uz | Rasmiy kanal
“Bitta holat aniqlansa, butun mehmonxona karantinga olinmaydigan tizim ishlab chiqish zarur” — Shavkat Mirziyoyev turizm faoliyatini qayta tiklash haqida
Shavkat Mirziyoyev 27-may, chorshanba kuni turizm va davlat aktivlarini xususiylashtirish sohalaridagi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qilgan.
Xabarda 2020-yil 16-martdan O‘zbekistonning tashqi va ichki turistlar uchun yopilgani, oqibatda 1,5 mingdan ortiq turoperator, 1,2 mingta mehmonxona o‘z faoliyatini to‘xtatgani qayd etilgan.
Bu gidlar, milliy hunarmandchilik, ziyoratgoh va sihatgohlar, umumiy ovqatlanish, transport va boshqalar bilan qo‘shib hisoblaganda 250 mingdan ortiq aholi daromadiga jiddiy ta’sir qilgan.
Pandemiyaning oqibatlarini yumshatish maqsadida sohaga qator yengilliklar berildi. Jumladan, 1 ming 750 ta subyektga mol-mulk, yer va ijtimoiy soliqlardan 60 milliard so‘mga yaqin imtiyoz taqdim etilgan. Lekin bu imtiyoz va preferensiyalar vaqtinchalik. Doimiy barqaror rivojlanish uchun esa pandemiya sharoitida ishlashga o‘rganish zarur.
Bu boradagi xorijiy tajriba o‘rganilib, “Uzbekistan. Safe travel guaranteed” (“O‘zbekiston. Xavfsiz sayohat kafolatlangan”) brendi ostida turistlar uchun sanitariya-epidemiologik xavfsizlik tizimi ishlab chiqildi.
Prezident ushbu loyiha taqdimoti bilan tanishgan. Shuningdek, O‘zbekistonda ichki turizmni tiklash va rivojlantirish borasidagi kelgusi rejalarni muhokama qilgan.
Birinchi bosqichda “yashil” hududlar o‘rtasida ichki turizmga ruxsat berish zarurligi ta’kidlandi. Tog‘li joylar va ko‘l bo‘ylarida yengil konstruksiyali dam olish maskanlarini tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Hokimlar bilan birgalikda ko‘chma dam olish maskanlari dislokatsiyasi tasdiqlanib, elektron portalga joylashtiriladi.
Ikkinchi bosqichda koronavirus kasalligi jilovlangan davlatlar ro‘yxatini shakllantirib, ular bilan turizm aloqalarini bosqichma-bosqich tiklash kerakligi ta’kidlandi.
“Turizm faoliyatini qayta tiklash uchun, eng avvalo, mehmonxonalar qanday ishlaydi, turistlar aeroportda qanday qabul qilinadi, ularning mamlakat ichida harakatlanishi qanday tashkil etiladi, degan savollarga aniq javob bo‘lishi kerak. Belgilanadigan me’yorlar sodda, lekin kasallikning oldini olish uchun yetarli bo‘lishi lozim. Misol uchun, bitta holat aniqlansa, butun mehmonxonani karantinga olishga zarurat bo‘lmaydigan tizim ishlab chiqish zarur”, — degan Shavkat Mirziyoyev.
Mavzuga doir: