Daryo.uz | Rasmiy kanal
Tramp Gonkong erkinligini cheklamoqchi bo‘lgan Xitoyga qarshi kuchli javob qaytarish bilan tahdid qildi
Donald Tramp Xitoyning Gonkongga nisbatan harakatlariga javoban AQSh “kuchli” qarshi choralar ishlab chiqayotganini ma’lum qildi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.
“Biz hozir bir narsa qilyapmiz. O‘ylaymanki, bu sizga juda qiziq tuyuladi. Bu haqda bir necha kundan keyin aytaman”, — degan Tramp brifingda. Yangi sanksiyalar bo‘ladimi degan savolga javoban Tramp Xitoyga javob choralari kutilgandan ko‘ra kuchliroq bo‘lishini bildirgan.
Bundan avvalroq Oq uy matbuot kotibi Keyli Makinani Donald Tramp Xitoyning Gonkong avtonomiyasini cheklash harakatlaridan norozi ekanligini va bu holatda “erkin shahar” xalqaro moliyaviy markaz maqomini saqlab qololmasligini bildirgan.
Trampning iqtisodiy maslahatchisi Larri Kudlou esa “Xitoy katta xatoga yo‘l qo‘ymoqda”, deb aytgan.
Xitoy hukumati Gonkongda milliy xavfsizlik to‘g‘risidagi yangi qonunni ishlab chiqish masalasini ko‘rmoqda. Ushbu qonun yordamida hukumat Gonkong ustidan nazoratni kuchaytirishi mumkin. Qonunda separatistik faoliyatni qat’iyan taqiqlash va Xitoyning markaziy hukumatiga muntazam ravishda hisobot berish talabi mavjud.
Ma’lumot uchun, Gonkong Xitoy tarkibiga 1997-yilda qaytgan. Ungacha Buyuk Britaniya tomonidan boshqarilgan. Xitoy va Gonkongning qo‘shma deklaratsiyasiga binoan, shaharga 50 yil davomida keng avtonomiya va’da qilingan. Ushbu maqom tufayli Gonkong AQSh bilan erkin aloqalar o‘rnatgan. Buyuk Britaniya Xitoyni Gonkong avtonomiyasini hurmat qilishga chaqirdi.
Ushbu qonunga qarshi gonkongliklar namoyishga chiqqan. Unda ishtirok etgan yuzlab odamlar qo‘lga olingan.