Daryo.uz | Rasmiy kanal
Toshkentdagi bir qator avtobus yo‘nalishlariga o‘zgartirish kiritish rejalashtirilmoqda
Toshkent shahrida harakatlanuvchi bir qator avtobuslarning harakat yo‘nalishlariga o‘zgartirishlar kiritish rejalashtirilmoqda. Bu haqda “Toshshahartransxizmat” ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur o‘zgartirishlar Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 16-martdagi “Toshkent shahar yo‘lovchi transportini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 157-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida amalga oshirilmoqda. Shuningdek, Toshkent shahridagi yo‘nalishlar tarmog‘ini maqbullashtirish hamda yo‘nalishlarning bir-birini takrorlashini kamaytirib, qatnov intervalini qisqartirish ham ko‘zlanmoqda.
Rejaga ko‘ra, 18-sonli “Tuzel mavzesi 3-daha — Chilonzor mavzesi 25-daha AShB” avtobus yo‘nalishining harakatiga o‘zgartirish kiritiladi. Yo‘nalishning “Muqimiy ko‘chasi” bekatidan Chilonzor mavzesi 25-daha AShBgacha bo‘lgan qismini qisqartirish hamda uni “Muqimiy ko‘chasi” bekatidan Qushbegi ko‘chasi orqali To‘qimachilik kombinatiga tashkillashtirish rejalashtirilmoqda.
Yo‘nalish “Tuzel mavzesi 3-daha — To‘qimachilik kombinati” oralig‘ida 7 ta jadval asosida 10-11 daqiqa interval bilan harakatlanadi. To‘qimachilik kombinatidan yangi tashkil etilayotgan yo‘nalish Chilonzor mavzesi 25-daha AShBga harakatlanadi.
25-sonli “Yunusobod 9-daha AShB — ToshGRES qo‘rg‘oni” avtobus yo‘nalishining “Diadora do‘koni” bekatidan ToshGRES qo‘rg‘onigacha bo‘lgan qismi qisqartiriladi.
Yo‘nalish harakatini “Diadora do‘koni” bekatidan TTZ AShBga hamda TTZ bozoridan Buyuk ipak yo‘li, Sho‘rtepa 2-tor ko‘cha, Sultoniya, T.Malik, Mingbuloq ko‘chalari orqali tashkil qilish rejalashtirilmoqda. Yo‘nalish “Qorasuv 1-mavzesi — Buyuk ipak yo‘li metrosi” oralig‘ida 6 ta jadval asosida 15 daqiqalik oraliq bilan harakatlanadi.
50-sonli “M.Yusuf ko‘chasi — Yunusobod 9-dahasi AShB” avtobus yo‘nalishining “M.Yusuf ko‘chasi”dan “Shahar arxivi” bekatigacha bo‘lgan qismi hamda “A.Xo‘jayev” bekatidan Yunusobod 9-dahasi AShBgacha bo‘lgan qismini qisqartirish rejalashtirilmoqda.
Yo‘nalishni “Elektrokabel zavodi” bekatidan Do‘rmon yo‘li, Ziyolilar, Oqqo‘rg‘on, Katta Darxon, Oqqo‘rg‘on, Mustaqillik, Amir Temur, Islom Karimov ko‘chalari orqali Toshkent MUM AShBga tashkil etish rejalashtirilmoqda. Yo‘nalish “Elektrokabel zavodi — Toshkent MUM AShB” oralig‘ida 7 ta jadval asosida 8-9 daqiqalik interval bilan harakatlanadi. Ushbu yo‘nalish 58 va 98-yo‘nalishlar qisqartirilayotganligi sababli tashkil etilmoqda.
63-sonli “Qorasuv 1-mavzesi — Yunusobod 9-daha AShB” avtobus yo‘nalishining “Buyuk ipak yo‘li metrosi” bekatidan Yunusobod 9-daha AShBgacha bo‘lgan qismini qisqartirish rejalashtirilmoqda.
Yo‘nalish “Qorasuv 1-mavzesi — Buyuk ipak yo‘li metrosi” oralig‘ida 6 ta jadval asosida 7 daqiqalik oraliq bilan harakatlanadi.
148-sonli “‘Bahor” MFY — Jomiy maydoni” avtobus yo‘nalishi harakatining “Wyndham mehmonxonasi” bekatidan “Jomiy maydoni”gacha bo‘lgan qismini qisqartirish rejalashtirilmoqda.
Yo‘nalish “‘Bahor’ MFY — Istiqlol ko‘chasi” oralig‘ida 7 ta jadval asosida 12 daqiqalik oraliq interval bilan harakatlanadi. Mazkur yo‘nalishdan foydalanadigan yo‘lovchilar uchun “Wyndham mehmonxonasi” bekatidan “Jomiy maydoni”ga 78-sonli yo‘nalish orqali yetib olish imkoniyati mavjud.
Ma’lum qilinishicha, 120, 129 va 183-sonli avtobus yo‘nalishlari o‘zgarishsiz qoladi.
Bundan tashqari, “To‘qimachilik kombinati — Chilonzor mavzesi 25-daha AShB”18-sonli yo‘nalishning oralig‘ida yangi yo‘nalish tashkil etish rejalashtirilmoqda. Ushbu yo‘nalish qisqartirilayotganligi sababli tashkil qilinmoqda. Yo‘nalish “To‘qimachilik kombinati — Chilonzor mavzesi 25-daha AShB” oralig‘ida 6 ta jadval asosida 11-12 daqiqalik interval bilan harakatlanadi.
Yana bir yangi yo‘nalishni “TTZ bozori — Turkiston metrosi” oralig‘ida tashkil etish rejalashtirilmoqda. Ushbu yo‘nalish TTZ bozoridan Gulsanam, Guliston, Charog‘on, Universitet, THAY, Ahmad Donish ko‘chalari orqali “Turkiston metrosi”ga tashkillashtiriladi. Yo‘nalish “TTZ bozori — Turkiston metrosi” oralig‘ida 6 ta jadval asosida 14-15 daqiqalik interval bilan harakatlanadi.
Avvalroq ham Toshkentdagi bir qator avtobus yo‘nalishlari qisqartirilishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.
Mavzuga doir: Toshkentda 15, 7 va 3 kunlik elektron yo‘l chiptalarini tatbiq etish bo‘yicha hukumat qarori tayyorlandi