Daryo.uz | Rasmiy kanal

Ellikqal’adagi neft bazasi filialida 112 mln so‘mlik kamomad aniqlandi

“O‘zbekneftgaz” tomonidan tashkil etilgan ishchi guruh “Taxiatosh neft bazasi” MChJga qarashli Ellikqal’a filialining 51-sonli “Chayka” va 25-sonli “Qirqqiz” fermerlarga yoqilg‘i tarqatish shoxobchalarida (FYoTSh) o‘rganish ishlarini olib bordi hamda neft mahsulotlarining kamomadini aniqladi. Bu haqda “Daryo”ga “O‘zbekneftgaz” tomonidan ma’lum qilindi.

Olib borilgan ichki tekshiruv natijasida filialning 51-sonli “Chayka” va 25-sonli “Qirqqiz” FYoTShlarida 2020-yil 1-may holatiga ko‘ra jami 112,4 million so‘mlik 15 719 litr neft mahsuloti kamomadi mavjudligi aniqlandi.

O‘rganish jarayonida mazkur FYoTShlarda saqlanayotgan neft mahsulotlarining to‘liq saqlanishi inventarizatsiyadan o‘tkazildi va natijada “Chayka” FYoTShda SAE-140 moyidan 485 ming so‘mlik 117 litr kamomad aniqlandi.

2020-yil 15-may holatidagi neft mahsulotlari qoldig‘ini inventarizatsiyadan o‘tkazish vaqtida 51-sonli FYoTShda dizel yonilg‘isining haqiqiy qoldig‘i 6177 litrni tashkil qilgan bo‘lib, buxgalteriya hisobi qoldig‘iga nisbatan 10 862 litr kamomad mavjudligi aniqlangan.

Shuningdek, 25-sonli FYoTShda dizel yonilg‘isining haqiqiy qoldig‘i 3212 litrni tashkil qilgan bo‘lib, buxgalteriya hisobi qoldig‘iga nisbatan 4299 litr kamomad mavjudligi ma’lum bo‘ldi.

Aniqlanishicha, ushbu kamomadning kelib chiqishiga FYoTShning katta operatori tomonidan fermer xo‘jaliklariga dizel yonilg‘isini tegishli hujjatlarni umuman rasmiylashtirmasdan, neft mahsulotlarini iste’molchilarga tarqatish vedomostiga dizel yonilg‘isini olganligini tasdiqlovchi imzosini qo‘ydirmasdan berib yuborganligi sabab bo‘lgan.

O‘rganish yakuni bo‘yicha ma’lum bo‘lgan neft mahsulotlarining kamomadi yuzasidan rasmiylashtirilgan hujjatlar qonunda belgilangan tartibda ko‘rib chiqish uchun prokuratura organlariga taqdim etildi.

Mavzuga doir: