Daryo.uz | Rasmiy kanal

Rossiyaning Uzoq Sharq okrugida 1400 ga yaqin o‘zbekistonlik vatanga qaytish uchun ro‘yxatdan o‘tgan

O‘zbekistonning Vladivostok shahridagi Bosh konsulxonasida ayni paytga qadar 1375 nafar o‘zbekistonlik vatanga qaytish uchun ro‘yxatdan o‘tgan. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

https://s.daryo.uz/wp-content/uploads/2020/03/%D0%90%D1%8D%D1%80%D0%BE%D0%BF%D0%BE%D1%80%D1%82-%D1%81%D0%B0%D0%BC%D0%BE%D0%BB%D1%91%D1%82-13-680x457.jpg
Foto: “Daryo”

Bosh konsullik ma’lumotlariga ko‘ra, “Mehr” jamg‘armasi ko‘magi bilan pandemiya davrida Rossiyaning Uzoq Sharq federal okrugida bo‘lib turgan 15 nafar O‘zbekiston fuqarosiga moliyaviy yordam ko‘rsatilgan. Shuningdek, 50 dan ortiq kishi ishga joylashtirilgan, 9 kishi esa Xabarovsk va Vladivostokda bepul turar joy bilan ta’minlangan.

“Bundan tashqari, koronavirus bilan kasallangan fuqarolar davolanayotgan shifoxona xodimlari va Rossiya Ichki ishlar vazirligining Primorye o‘lkasidagi xorijiy fuqarolarni vaqtincha ushlab turish markazida bo‘lib turgan 30 nafar O‘zbekiston fuqarosi uchun Bosh konsulxona xodimlarining shaxsiy mablag‘lari hisobidan osh tayyorlanib, xayriya tariqasida tarqatildi”, — deyiladi agentlik xabarida.

Ta’kidlanishicha, og‘ir moliyaviy ahvolda qolgan o‘zbekistonliklarga yordam berish doirasida Ramazon oyi mobaynida har kuni Xabarovsk o‘lkasidagi vatandosh xususiy tadbirkorlar ko‘magida xayriya aksiyalari o‘tkazilgan, oziq-ovqat mahsulotlari tarqatilgan.

“Bunday tadbirlar Primorye o‘lkasi, Janubiy Saxalin va Blagoveshensk shaharlarida ham o‘tkazildi”, — deyiladi xabarda.

Avvalroq Rossiyadan O‘zbekistonga qaytish uchun 65 ming fuqaro ro‘yxatdan o‘tganligi haqida xabar berilgandi.

Bugungacha chet eldan olib kelingan O‘zbekiston fuqarolari soni 47 ming nafarni tashkil etmoqda. Keyingi 10 kunda esa 3,5 ming odam havo yo‘llari, 7 mingga yaqin vatandosh esa chegara postlari orqali O‘zbekistonga kelishi kutilyapti. Bundan tashqari, 100 mingdan ortiq fuqaro O‘zbekistonga qaytish istagini bildirib, navbat kutmoqda.

Dastlab 24-maygacha, so‘ng 7-iyungacha amalga oshiriladigan charter reyslar e’lon qilindi.

Shuningdek, Rossiya—Qozog‘iston chegarasida to‘plangan 1100 nafar vatandosh Prezident topshirig‘iga asosan 18—19-may kunlari avtobuslarda O‘zbekistonga olib kelindi. Keyinchalik xuddi shu chegara zonasida yana yuzlab o‘zbekistonliklar to‘plangani ma’lum bo‘ldi. TIV ulardan vaqtinchalik yashash joylariga qaytishni so‘radi.