Daryo.uz | Rasmiy kanal
Bekkenbauerdan Myullergacha. “Bavariya” akademiyasidan chiqqan “oltinboshlar” (foto)
Dunyoning eng yaxshi futbol akademiyalari haqida gap ketganda, birinchi bo‘lib La Masiya (“Barselona”) va La Fabrika (“Real Madrid”) yodga olinadi. Lekin shunday akademiyalar borki, ular yetuk futbolchilarni tarbiyalashda ispan grandlaridan aslo qolishmaydi. Aynan shunday klublaridan biri, shubhasiz, “Bavariya”dir. Klub akademiyasida ishlar to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgani bois jamoa ko‘p yillardan beri Bundesligada yetakchilikni hech kimga bermaydi. Buning ustiga Germaniya terma jamoasini ham Myunxen klubi tarbiyalanuvchilarisiz tasavvur qilish mushkul.
Quyida mazkur akademiyaning eng yaxshi bitiruvchilari haqida so‘z yuritiladi.
Frans Bekkenbauer
Bekkenbauer, shubhasiz, “Bavariya”ning barcha davrlardagi eng yaxshi o‘yinchisi hisoblanadi. Afsonaviy “kayzer”ning (kayzer – nemis tilida imperator degan ma’noni anglatadi) himoyadagi o‘yinlari tahsinga loyiq edi. Himoyachi bo‘lishiga qaramay, uning ikki marotaba “Oltin to‘p” sovrinini qo‘lga kiritgani ham bejiz emas. Bundan tashqari Bekkenbauerning hisobida beshta Germaniya chempionligi va uchta Yevrokubok sovrini bor. “Bavariya” muxlislari hamon Bekkenbauerning yorqin o‘yinlarini qo‘msayotgan bo‘lsa ajab emas.
Filipp Lam
Filipp Lam o‘z davrining eng yaxshi himoyachilaridan biri sifatida faoliyatini yakunladi. U 11 yoshida “Bavariya” akademiyasiga keladi, 19 yoshga to‘lganida esa asosiy jamoaga kirishga muvaffaq bo‘ladi. To‘g‘ri, boshlang‘ich tarkibdan joy olishi uchun biroz sabr qilishi kerak edi. Shu bois u turli jamoalarda ijarada yurishga ham rozi bo‘ldi.
2005-yilga kelib, Lam ijaradan qaytdi va asosiy tarkib o‘yinchisiga aylandi. Keyin nima bo‘lgani hammaga ayon – 517 ta o‘yin, 8 ta chempionlik, Chempionlar Ligasi kubogi, UEFA Superkubogi va, albatta, Jahon Chempionatidagi g‘alaba.
Lam Bekkenbauer kabi o‘z jamoasining yetakchisi, texnikasi yuqori va tezkor himoyachi edi.
Bastian Shvaynshtayger
Bastian Shvaynshtayger – “Bavariya” akademiyasida tahsil olgan yana bir afsona. Dastavval, Bastian qanot futbolchisi bo‘lgan, ammo Aryen Robben va Frank Riberi sabab pozitsiyasini o‘zgartiradi.
Shvayni “Bavariya”da dunyoning eng yaxshi yarim himoyachilaridan biri edi – ko‘p qirrali, aniq, tirishqoq va hujumkor. “Bavariya” safida 500 ta o‘yin o‘tkazib, 68 bor raqiblar darvozasini ishg‘ol etgan. Germaniya terma jamoasida ham u ko‘plab sovrinlarga ega chiqdi.
Toni Kroos
Ajablanarlisi shundaki, “Real” Toni Kroosni bor-yo‘g‘i 25 million yevro evaziga sotib olgan. Madrid klubi hali Kroos o‘z jamoasining afsonasi bo‘lishga ulgurmasidan avval uni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgandi. Shunga qaramay, Toni myunxenliklar safida 130 ta o‘yin o‘tkazgan.
“Real”da esa Kroos jamoaning asosiy o‘yinchilardan biriga aylandi va u ketma-ket uch marotaba Chempionlar Ligasida g‘alaba qozondi. Toni o‘zining aniq paslari, standartlardan unumli foydalanishi, to‘p va o‘yinni a’lo darajada nazorat qilishi bilan ajralib turadi.
Ayni paytda Kroos dunyoning eng yaxshilari qatorida.
Zepp Mayer
Ko‘pchilik Oliver Kanni “Bavariya” tarixidagi eng yaxshi darvozabon deb hisoblaydi. Unga raqobat qilishi mumkin bo‘lgan yagona posbon bu Manuel Noyer. Biroq Zepp Mayerni ham bemalol bu ikki yetuk darvozabon qatoriga qo‘shish mumkin.
Uning aql bovar qilmas reaksiyasi va tezligi muxlis-u mutaxassislarning olqishiga sazovor bo‘lardi. U o‘z hududining qiroli va muxlislarning suyuklisi edi. Mayer butun faoliyatini “Bavariya”da o‘tkazdi va jami 536 ta o‘yinda maydonga tushdi. Bu vaqt ichida u jamoasi bilan to‘rt marta mamlakat chempionatida va uch marta xalqaro musobaqalarda g‘olib bo‘ladi.
Xans-Georg Shvartsenbek
Xans-Georg Shvartsenbek ham Bekkenbauer singari Myunxenda futbol sir-asrorlarini o‘rganadi. Ularning himoyadagi juftligi esa eng yaxshilardan hisoblangan.
Afsuski, “Kayzer”ning haddan ziyod mashhurligi Shvartsenbekga biroz bo‘lsa-da xalaqit berardi. Hatto uni “Bekkenbauerning tansoqchisi” deb atashgan. Qaysidir ma’noda bunga asoslar bor edi. O‘tib bo‘lmas va tirishqoq himoyachi faoliyatini “Bavariya”da boshlab, o‘sha yerda tugatadi. Germaniya chempionatida olti bor, Yevrokuboklarda esa uch marotaba zafar quchadi.
Tomas Myuller
Hozirgi “Bavariya”ni jamoa safida 521 ta o‘yin o‘tkazgan Tomas Myullersiz tasavvur qilish qiyin. Bu vaqt davomida Myuller 195 ta gol urdi va ko‘plab sovrinlarni qo‘lga kiritdi.
30 yoshli hujumchi ko‘p yillardan beri jamoasining asosiy o‘yinchisi bo‘lib kelmoqda. U tartibli, mehnatsevar va vatanparvar futbolchidir. Myuller taktik jihatdan mohir o‘yinchi bo‘lib, istalgan himoya chizig‘ini ojiz qoldirishga qodir.
Mats Hummels
Mats Hummels bolaligidan “Bavariya” tizimida bo‘lgan. Murabbiylar unda g‘ayrioddiy nimadir borligini ko‘ra olgan va unga imkoniyat bergan. Biroq “Bavariya” o‘z tarbiyalanuvchisini Dortmundning “Borussiya”siga sotishga qaror qiladi. Hummels “Borussiya”da ham o‘z o‘rnini topadi va ikki bor mamlakat chempionligiga ega chiqadi. Shundan so‘ng u ma’lum muddat “Bavariya”da o‘ynaydi va u bilan Bundesligada uch marta g‘olib bo‘ladi. Ayni paytda esa u yana “Borussiya”da to‘p surmoqda.
Hummelsning boshqalardan ajralib turadigan jihatlari – ikkinchi qavatdagi ustunlik, “podkat” va to‘g‘ri pozitsiya tanlay olishdir.
Boshqa maqolalalar:
- Sulsherdan Levandovskigacha. Futbol tarixiga kirgan 7 almashtirish haqida
- Uolkottdan Uilshergacha. Ishonchni oqlamagan ingliz futboli vunderkindlari haqida
- “Abort qildirmoqchi bo‘lganman, biroq Xudo Krishtianuning tug‘ilishini xohlagan”. Ronalduning onasi haqida kichik hikoya
- Kim qayerga o‘tadi? Pogba, Ndombele, Obameyang va boshqa yulduzlar uchun tanlov imkoniyati
- “Santyago Bernabeu”dagi kechikkan debyut, “Barselona”dan ketishi va orzulari haqida “yapon Messisi” bilan intervyu
- 38 yildan beri davom etayotgan koma. Fransiyalik sobiq futbolchi va unga sodiq qolayotgan ayol haqida hikoya
- “Agar onam bo‘lmaganida futbolni aniq tashlab ketardim”. Anxel di Mariyaning ta’sirli hikoyasi
- Lautaro yoki Neymar? “Barselona”ga kim ko‘proq zarur?
- Stol tennisi tufayli futboldan voz kechishiga bir baxya qolgani, o‘z otasi bilan sudlashuv, irqchilik sabab Germaniya termasidan ketgani haqida Mesut O‘zil intervyusi
- Top-10: Karvaxaldan Aleksander-Arnoldgacha. Dunyoning eng yaxshi o‘ng qanot himoyachilari