Daryo.uz | Rasmiy kanal

Toshkentdagi “Ipoteka bank”ning koronavirusga chalingan xodimi borgan joylar ma’lum qilindi

Toshkentda 24-may kuni respublika “Ipoteka bank” bosh boshqarmasi xodimida koronavirus infeksiyasi aniqlangani haqida xabar berilgan edi. Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Sevara Ubaydullayeva 27-may kuni o‘tkazilgan onlayn brifingda mazkur bank xodimining epidemiologik marshrutiga oid ma’lumotlarni e’lon qildi.

Ma’lum qilinishicha, ayni paytda koronavirus yuqtirgan “Ipoteka bank” xodimining virusni qayerdan yuqtirgani, kimlar bilan muloqotda bo‘lganini aniqlash uchun surishtiruvlar o‘tkazilmoqda.

Aniqlanishicha, mazkur bemor Buyuk ipak yo‘li ko‘chasidagi “Salom” choyxonasi to‘g‘risida joylashgan “Korzinka” supermarketida va Ecobozor’da kunora bozorlik qilgan.

Brifingda bozorlarga faqat ehtiyoj bo‘lganda ehtiyot choralarini ko‘rgan holda borish maqsadga muvofiqligi qayd etib o‘tildi.

Eslatib o‘tamiz, kasallikka chalingan mazkur fuqaroning o‘zi va oila a’zolari yaqin 20 kun ichida mehmonga bormagani, qo‘ni-qo‘shnilarnikiga ham chiqmagani ma’lum qilingandi. Uning yashash manzili bo‘yicha muloqotda bo‘lgan barcha oila a’zolari belgilangan tartibda karantinga olingan. Bemor bilan muloqotda bo‘lgan hamkasblari ham belgilangan tartibda 14 kunlik karantin nazoratiga olingan. Qolgan xodimlar esa yashash manzillari bo‘yicha tibbiy nazoratga olingan. Barcha muloqotda bo‘lganlardan laborator tahlil uchun namunalar olingan.

Ma’lumot uchun, so‘nggi kunlarda o‘zbekistonlik ikki nafar bojxonachida, Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Malaka oshirish markazi xodimida, “O‘rikzor” bozoridagi sotuvchida koronavirus aniqlangan. Shuningdek, aholi orasida koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish bilan bog‘liq o‘nlab holatlar qayd etilgan.

O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlarning epidemiologik marshruti bilan “coronavirus.uz” saytidagi maxsus xarita orqali tanishish mumkin.