Daryo.uz | Rasmiy kanal
Namanganda Cobalt piyodani urib yubordi. 51 yoshli erkak shifoxonada vafot etdi
Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanida 26-may kuni odam o‘limi bilan yakunlangan yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda YHXBB xabar bermoqda.
Hodisa soat 11:00 larda 4N-425 Uchqo‘rg‘on–Yangiyer mahalliy yo‘lining 5-kilometrida yuz bergan. 2000-yilda tug‘ilgan S.Q. ismli yigit Cobalt tezligini me’yoridan oshirgan holda boshqarib ketayotib, yo‘lni belgilanmagan joyidan kesib o‘tayotgan piyoda, 1969-yilda tug‘ilgan R.A.ni urib yuborib, YTH sodir etgan.
YTH oqibatida og‘ir tan jarohatlari olgan 51 yoshli erkak shifoxonada vafot etgan.
Mazkur YTH yuzasidan Uchqo‘rg‘on tumani IIB TB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
O‘tgan hafta davomida ham piyodalarning o‘limi bilan yakunlangan bir necha YTH yuz bergandi. Jumladan, 18-may kuni Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanida “Jiguli” urib yuborgan 3 yoshli bola, 20-may kuni Toshkent shahrining Sergeli tumanida Matiz urib yuborgan 68 yoshli erkak va 23-may kuni Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanida Nexia-3 urib yuborgan 11 yoshli bola YTH oqibatida vafot etgan.