Daryo.uz | Rasmiy kanal

Toshkent viloyatidagi “qizil”, “sariq” va “yashil” hududlar ro‘yxati yangilandi

Toshkent viloyatida koronavirus infeksiyasining tarqalishi bilan bog‘liq epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda viloyatdagi “qizil”, “sariq” va “yashil” hududlar ro‘yxati yangilandi. Bu haqda  Toshkent viloyati hokimligi ma’lum qildi.

https://s.daryo.uz/wp-content/uploads/2020/05/photo_2020-03-24_21-13-50-680x438.jpg
Foto: “Daryo”

Xabar berilishicha, 2020-yil 26-may holatiga ko‘ra, viloyat hududidagi tuman va shaharlar quyidagi tartibda toifalarga ajratilgan.

“Sariq” hududlar — Angren, Chirchiq shaharlari, Bekobod, Quyi Chirchiq, Chinoz, O‘rta Chirchiq tumanlari.

“Yashil” hududlar — Olmaliq, Ohangaron shaharlari, Ohangaron, Bo‘ka, Bo‘stonliq, Piskent tumanlari.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 26-may kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida so‘nggi kunlarda koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish bilan bog‘liq o‘nlab holatlar qayd etilgani sababli Respublika maxsus komissiyasiga viloyat hokimlari bilan birga bir kun muddatda epidemiologik vaziyat yomonlashgan hududlarning toifasini qayta ko‘rib chiqish hamda karantin choralarini kuchaytirish bo‘yicha taklif kiritish haqida topshiriq berdi.

Shuningdek, Prezident “qizil” va “sariq” hududlarda kunlik test olish sonini oshirish haqida ham ko‘rsatma berdi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston hududlari epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib 8-maydan e’tiboran, “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratib chiqilgan edi. 15-maydan barcha toifalardagi hududlarda ayrim karantin cheklovlari yanada yumshatilgan.

18-maydan “sariq” toifadagi hududlarda shaxsiy avtotransport vositalarini stikersiz soat 06:00 dan 22:00 gacha boshqarishga, “yashil” hududlarda esa umuman cheklovsiz foydalanishga ruxsat berilgan edi.