Daryo.uz | Rasmiy kanal
O‘zbekistonning qaysi viloyatlarida ishsizlik darajasi yuqoriligi ma’lum bo‘ldi
O‘zbekistonda 2020-yilning birinchi choragida ishsizlik darajasi 9,4 foizni tashkil qildi. Bu haqda 26-may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasining videokonferens aloqa tarzida bo‘lib o‘tgan navbatdagi yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, eng yuqori ishsizlik darajasi — 9,8 foiz Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida qayd etilgan. Jizzax, Qashqadaryo, Sirdaryo va Farg‘ona viloyatlarida bu ko‘rsatkich 9,7 foizni tashkil etgan. Eng past ko‘rsatkich esa Toshkent shahriga (7,8 foiz) to‘g‘ri kelgan.
Ishga joylashtirishga muhtoj mehnat bilan band bo‘lmagan aholi (ishsizlar) soni 1 million 399 ming 700 kishini tashkil etgan.
Yig‘ilishda ishsiz shaxslarni haq to‘lanadigan jamoat ishlariga keng jalb etish asosida aholi bandligini ta’minlash uchun Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasining tashkil etilgani aytildi.
Vazirlik huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasi hisob raqamida 2019-yilda moliyalashtirilgan mablag‘lar hisobidan 16,9 milliard so‘m mablag‘ qoldig‘i mavjud bo‘lib, 2020-yil birinchi chorak davomida respublika budjetidan 45 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.
Xalq vakillari partiya Saylovoldi dasturidagi ustuvorliklardan kelib chiqib, aholi bandligini to‘liq ta’minlash va mehnatga munosib haq to‘lash, yangi ish o‘rinlarini yaratish, ishsizlik darajasini qisqartirish hozirgi pandemiya sharoitida har qachongidan ham muhimligini aytib, oilaviy tadbirkorlik, kasanachilik, tomorqa xo‘jaligi va xususiy biznesni qo‘llab-quvvatlash hisobiga aholi bandligini ta’minlash hamda fuqarolar oilaviy budjeti daromadlarini oshirish mumkinligini ta’kidlab o‘tgan.
Eslatib o‘tamiz, Inqirozga qarshi kurashish respublika komissiyasining qarori qabul qilingan, mazkur qaror bilan epidemiya sharoitida iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror ishlashini ta’minlash, aholi o‘rtasida ishsizlik oshib ketishining oldini olish hamda budjet tushumlarini ta’minlash uchun iqtisodiyotning quyidagi bir qator yo‘nalishlari faoliyatiga ruxsat berilgandi.
Mavzuga doir: