Daryo.uz | Rasmiy kanal
“Ikki gektar bog‘imni nobud qilib, o‘rniga yong‘in xavfsizligi deposi qurildi”. Buxorolik fermer murojaati
Buxoro viloyatining Buxoro tumanida fermer tomonidan yaratilgan bog‘dagi yosh nihollar nobud qilinib, o‘rniga yong‘in xavfsizligi deposi qurilgani aytilmoqda. Bu haqda “Daryo”ga murojaat qilgan fermer Ubaydulla Sodiqov fermer xo‘jaligi uchun ajratilgan yerdan vaqtincha foydalanish huquqi borligiga qaramasdan, yer uning roziligisiz olib qo‘yilganini ta’kidlamoqda.
“Menga ijaraga berilgan yerdan boshqa maqsadda foydalanishsa-da, bu haqda menga ogohlantirish xati berishmadi. Hatto og‘zaki ham aytishmadi”, — deydi “Sodiqov Ubaydulla” fermer xo‘jaligi rahbari Ubaydulla Sodiqov.
Ma’lum bo‘lishicha, “Sodiqov Ubaydulla” fermer xo‘jaligi 2002-yil tashkil etilgan bo‘lib, tumanning sobiq hokimi Nekmurod Po‘latovning qarori bilan 367—368-konturdan 2 gektar yer maydoni 20 yil muddatga ijaraga berilgan.
2017-yil 17-iyul kuni tumanning o‘sha paytdagi hokimi Muhiddin Esonov qarori bilan fermer xo‘jaligining “Oybek” mahalla Toshmachit ko‘chasi hududidan Buxoro hokimligi huzuridagi yagona buyurtmachi injiniring kompaniyasiga tuman IIB Yong‘in xavfsizligi bo‘linmasi yong‘in xavfsizligi deposi binosini qurish uchun 1,4 gektar yer maydoni ajratilgan.
Ubaydulla Sodiqovning aytishicha, xuddi shunday holat 2007-yilda ham ro‘y bergan.
“2007-yil ham tuman mutasaddilari ko‘rsatmasi bilan fermer xo‘jaligimga tegishli yer maydonining ma’lum bir qismida konserva sexi qurilgandi. Shunga qaramasdan yerimning qolgan qismida bog‘ yaratish va poliz ekinlari yetishtirishda davom etdim. Endi yong‘inga bino qurish uchun 800 dan ortiq niholimni nobud qilishdi. Faqat bino tevarak-atrofida ungan nihollargina saqlab qolindi”, — deydi fermer.
Fermer tuman hokimligi undan olib qo‘yilgan yer uchun o‘rniga boshqa yer beramiz, deb va’da qilganini, ammo va’da haligacha bajarilmaganini ma’lum qilmoqda.
“2002-yildan hozirga qadar tumanda uchta hokim almashdi. Har gal ijaraga berilgan yerlar o‘zboshimchalik bilan boshqa maqsadlar uchun o‘zgardi. E’tiroz bildirganimda bino va inshootlar qurib bitkazilgunga qadar yer maydoni ajratib berilishi haqida og‘zaki va’dalar beriladi. Murojaat qilmagan joyim qolmadi. Bu to‘siqlar bilan na fermer xo‘jaligi faoliyatini yurita oldim, na halovat topdim”, — deydi Ubaydulla Sodiqov.
Yer kodeksining 37-moddasida belgilanishicha, yer uchastkasi yoki uning bir qismi davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer egasining roziligi bilan yoki yerdan foydalanuvchi va ijarachi bilan kelishilgan holda tegishlicha tuman, shahar, viloyat hokimining qaroriga yoxud O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan olib qo‘yiladi.
“Fermer yer maydonidan oqilona foydalanmagan. Davlatga hech qanday hosil yetkazib bermagan. Bundan tashqari, yong‘in xavfsizligi tuman bo‘linmasi tiklangan yer maydonida hech qanday nihollar bo‘lmagan. Buni bino tiklashdan oldingi suratlarda ham ko‘rish mumkin, — deydi Buxoro tuman Yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi boshlig‘i Jasur Botirov. — Qolaversa, 367—368-konturga oid ma’lumotlar o‘rganilganda “Sodiqov Ubaydulla” fermer xo‘jaligining mavjudligi haqida qayd etilmagan. Shuningdek, fermerda tuman hokimi bilan yerdan 20 yil muddatga foydalanish va faoliyatini yuritishi haqida ijara shartnomasi ham yo‘q”.
Fermer xo‘jaligi rahbarining onasi Mehri Jo‘rayevaga ko‘ra, ijaraga olish shartnomasi bo‘lgan, ammo yo‘qolgan.
“Haqiqatan ham davlatga hosil yetishtirib berolmaganmiz. Ammo yerga ishlov berib, uni tiklagunimizcha oradan ikki yilcha vaqt o‘tdi. Keyin sabzavotlar yetishtirib, bog‘ barpo etish maqsadida nihollar o‘tqazdik. Nihollar hali bo‘y cho‘zmay turib, yo‘q qilindi va qurilish ishlari boshlandi. Yer maydonimiz yildan yilga qisqarib boraverdi. Tadbirkorlik turini o‘zgartirish, ya’ni yer maydonida sport o‘yingohi va bog‘ yaratishga ruxsat olish uchun yugur-yugurlarimiz zoye ketdi. Oxiri umidni ham uzib qo‘ydik”, — deydi Mehri Jo‘rayeva.
Surishtiruv davomida “Sodiqov Ubaydulla” fermer xo‘jaligi tomonidan 2002-yildan 2007-yilgacha yerdan foydalanganlik bo‘yicha ijara haqi va yer solig‘i muntazam to‘lab kelingani ma’lum bo‘ldi.
Buxoro hokimi o‘rinbosarining joriy yil 26-martdagi xatiga asosan bino qurilgan yer “Sodiqov Ubaydulla” fermer xo‘jaligiga 20 yil muddatga ijaraga berilgani, biroq fermerdan olib qo‘yilgan yer uchun o‘rniga mos ravishda yer uchastkasi berilmagani ma’lum bo‘ladi.
Viloyat hokimligining yozishicha, ushbu masalani ko‘rib chiqish Buxoro tumani hokimi tomonidan kechiktirib kelingan.
“‘Sodiqov Ubaydulla’ fermer xo‘jaligiga oid barcha hujjatlar o‘rganilganda yillar davomida yerdan oqilona foydalanmagani, hosildorlik yo‘qligi ma’lum bo‘ldi. Ijaraga olish shartnomasi ham mavjud emas. Shunga qaramay, ‘Sodiqov Ubaydulla’ fermer xo‘jaligiga belgilangan tartibda tumanning ‘Kunjiqal’a’ mahalla fuqarolar yig‘ini hududidan teng miqdorda, balki undan ham ortiq yer maydoni ajratish masalasi ko‘rib chiqilgan. Yaqin orada esa zaxira va o‘zlashtirilmagan yer maydonlari mavjud emas”, — deydi Buxoro tumani hokimi Qahramon Do‘stov.
Aniqlanishicha,“Kunjiqal’a” mahalla fuqarolar yig‘ini fermer yashash manzilidan 30-35 kilometr uzoqlikda joylashgan.
“Men yillar davomida fermer xo‘jaligimga 20 yilga muddatga berilgan yerdan to‘siqlar sabab foydalana olmadim. Endi esa uzoqdan yer maydoni ajratilishi tuman hokimi tomonidan o‘ylab topilgan navbatdagi taktika xolos. Men hokimning menga atayin qasd qilib qo‘yayotgan taklifini rad etaman va o‘z haqimni talab qilaman”, — deydi Ubaydulla Sodiqov.
“Daryo” voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.
Muallif:Laylo Hayitova