Daryo.uz | Rasmiy kanal

Marhamat tumaniga yangi hokim tayinlandi

27-may kuni Andijon viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda Marhamat tumaniga yangi hokim tayinlandi. Bu haqda viloyati hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

https://s.daryo.uz/wp-content/uploads/2020/05/photo_2020-05-27_11-56-08.jpg
Foto: “Kun.uz”

Marhamat tumani faollari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda kun tartibida belgilangan masalalar ko‘rib chiqildi. Shavkat Mirziyoyev Andijonga tashrifi davomida Marhamat tumani hokimi Shuhrat Qamchiyev egallab turgan lavozimidan ozod etilgan edi.

Hozirgi kunga qadar O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan ishlash sho‘basi bosh inspektori lavozimida ishlab kelayotgan Bobur Yo‘ldoshev Marhamat tumani hokimi  etib tayinlandi.

Bobur Yo‘ldoshev 1986-yil 22-yanvar kuni Andijon viloyati Andijon shahrida tug‘ilgan. 2008-yilda Andijon muhandislik iqtisodiyot institutini tamomlagan.

Bobur Yo‘ldoshev Mehnat faoliyatini 2005—2006-yillarda Andijon shahar statistika bo‘limi iqtisodchisi sifatida boshlagan. 2006—2009-yillarda Andijon viloyat statistika boshqarmasida turli lavozimlarda, 2009—2010-yillarda Andijon viloyati hokimligi iqtisodiyot bosh boshqarmasi sanoat, kommunikatsiya va axborot texnologiyalarini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i, viloyat hokimligi axborot-tahlil guruhi rahbari, 2018—2019-yillarda O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan ishlash sho‘basi yetakchi inspektori lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan. 2019-yildan hozirga qadar Prezident Administratsiyasining mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan ishlash sho‘basi bosh inspektori lavozimida faoliyat yuritib kelgan.