Daryo.uz | Rasmiy kanal
Samarqandda Matiz kanalga tushib ketdi. Mashina yo‘lovchisining jasadi kanalda oqib ketgan
Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida 24-may kuni yuz bergan yo‘l-transport hodisasi oqibatida bir kishi halok bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar bermoqda.
Hodisa soat 18:00 da “Azamat” mahallasi Nurobod qishlog‘i hududidan o‘tuvchi yo‘lda sodir bo‘lgan. 39 yoshli K.T. Matiz boshqaruvini yo‘qotishi oqibatida harakat yo‘nalishi bo‘yicha yo‘lning chap tomonida joylashgan Xatirchi kanalining kichik irmog‘iga tushib ketgan.
YTH oqibatida avtomashinada bo‘lgan yo‘lovchi 39 yoshli M.U. tan jarohati olib, Xatirchi kanalining kichik irmog‘ining suv oqimiga tushib ketib vafot etganligi aniqlangan. M.U. ning murdasi hodisa joyidan suv oqimi bo‘yicha 430 metr uzoqlikda kanalning kichik irmog‘idan topilgan.
Holat yuzasidan Ishtixon tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Odam o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 5-may kuni Sirdaryoda ham Matiz kanalga tushib ketgandi. Hodisa oqibatida haydovchi va ikki yo‘lovchi vafot etgan.