Daryo.uz | Rasmiy kanal

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi O‘zbekistonda import benzin uchun aksiz solig‘i oshirilishini maqsadga muvofiq emas deb topdi

“O‘zbekneftegaz” AJ tomonidan mahalliy neftni qayta ishlab chiqaruvchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida benzin mahsuloti importiga aksiz solig‘ini 5 foizdan 20 foizga oshirish taklifini ilgari surgani haqida xabar berilgandi. O‘zbekiston Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi ushbu taklifga o‘z munosabatini bildirdi.

https://s.daryo.uz/wp-content/uploads/2020/05/O%E2%80%98zbekneftgaz-680x462.jpg
Foto: “Daryo”

Ta’kidlanishicha, import benzin uchun aksiz solig‘ining oshirilishi yetarlicha iqtisodiy asoslantirilmagan, shu sababli bu ish maqsadga muvofiq emas.

“Ma’lumki, neft mahsulotlari uchun aksiz solig‘i deyarli barcha davlatlarda qo‘llaniladi. Aksiz solig‘i – mamlakat ichida ishlab chiqariladigan va importdan keltiriladigan, odatda aniq ro‘yxatini belgilagan holda tovarlarga nisbatan to‘lanadigan bilvosita soliq hisoblanadi.

Xalqaro tajribada rivojlangan mamlakatlarda aksiz solig‘i davlat budjeti uchun daromad manbasi sifati ko‘riladi. Bunda aksiz solig‘i tovarning mahalliy yoki importdan keltirilganligidan qat’i nazar yagona stavkada belgilanadi.

Shu bilan birga, aksiz solig‘ini har xil darajada belgilash tajribasi Belarus  va Qozog‘istonda kuzatildi. Bunda iste’molchilar uchun narxni oshishiga yo‘l qo‘ymaslik va aksincha, arzonlashtirish yoki tadbirkorlik subyektlariga teng sharoit yaratish nuqtayi nazardan amalga oshirilgan. Masalan, Belarusda 28-fevraldan 31-dekabrga qadar mahalliy benzin ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlab chiqarilgan benzinni realizatsiya qilganda aksiz solig‘i to‘lovchilariga 0,25 koeffitsiyent miqdorida imtiyoz qo‘llanilishi belgilangan. Ya’ni iste’molchilar manfaatlari ustuvorligini ta’minlagan holda mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida import benzinning aksizini ko‘tarmasdan, balki mahalliy benzin uchun aksiz solig‘iga imtiyoz qo‘llanilgan.

Shuningdek, Qozog‘istonda bozorda benzin taqchilligini oldini olish, ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan benzin narxini arzon ushlash maqsadida avval import benzin uchun aksiz solig‘i mahalliy benzinga nisbatan deyarli uch baravar kam bo‘lgan. Lekin 2018-yildan boshlab bozor ishtirokchilariga teng sharoit yaratish maqsadida aksiz miqdori tenglashtirildi.

2020-yilga qadar “O‘zbekneftegaz” AJning neftni qayta ishlash korxonalarida bir qator imtiyoz va preferensiyalar qo‘llanib kelingan. Masalan, O‘zbekiston Prezidentining 2017-yil 14-noyabrdagi PQ-3386-son qarori bilan berilgan shart-sharoitlar shular jumlasidandir”, — deyiladi xabarda.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining ta’kidlashicha, ayni paytda O‘zbekistonda neft mahsulotlarini ishlab chiqarish, import qilish va sotish bo‘yicha tadbirkorlik subyektlarga teng sharoitlar yaratilgan. Monopol korxona hisoblangan Buxoro va Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodlari 2020-yilning may oyidan narxni shakllantirish bo‘yicha qo‘llab kelingan cheklovlardan ozod etilgan. Endilikda narxlar birja savdolarida talab va taklifdan kelib chiqib shakllana boshlagan.

Qo‘mita “O‘zbekneftegaz” AJ tomonidan import neft mahsulotlarining aksiz solig‘ini oshirilishi bo‘yicha Energetika vazirligiga kiritilgan taklif yetarlicha iqtisodiy asoslantirilmagan hamda sog‘lom raqobat muhitining ta’minlanishi va iste’molchilar manfaatlarini ko‘zlagan holda aksiz solig‘ini oshirilish maqsadga muvofiq emas, deb hisoblaydi.

“Shuni ta’kidlash joizki, mahsulotni importiga aksiz solig‘ini belgilash masalasi O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi tarif va notarif tartibga solish kengashi tomonidan ko‘rib chiqilishi lozim. Kengash mazkur masalani ko‘rib chiqqan taqdirda qo‘mita yuqoridagi pozitsiyasi bilan ishtirok etadi va himoya qiladi”, — deyiladi qo‘mita munosabatida.

“O‘zbekneftgaz” 2020-yil 29-apreldan boshlab AI-92 markadagi benzin narxini 500 so‘mga arzonlashtirib, 5500 so‘m qilib belgilagan. 3-maydan boshlab esa AI-80 benzini ham 500-600 so‘mga pasayib, 3900-4000 so‘mdan sotish yo‘lga qo‘yilgan.