Daryo.uz | Rasmiy kanal

Andijon viloyati hokimligi 23-may kuni bir kishida koronavirus aniqlangan Izboskan tumanida 25-may kuni ommaviy tadbir o‘tkazilganiga izoh berdi

Andijon viloyatining Izboskan tumanida 25-may kuni “Andijon namunasi” asosida “Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam” shiori ostida piyoda yurish tadbiri tashkil etilgan, 23-may kuni esa shu tumanda yashovchi bir kishida koronavirus infeksiyasi aniqlangani haqida xabar berilgan edi. Andijon viloyat hokimligi matbuot xizmati bu masala bo‘yicha munosabat bildirdi.

https://s.daryo.uz/wp-content/uploads/2020/05/Izboskan.jpg
Foto: Izboskan tumani hokimligi matbuot xizmati

Qayd etilishicha, Prezidentning 2020-yil, 21—22-may kunlari Andijon viloyatiga tashrifi davomida “Sog‘lom hayot uchun 5 000 qadam” loyihasini amalga oshirish yuzasidan alohida topshiriq va takliflar berilgan.

Shunga asosan 25-may kuni Izboskan tumanida o‘tkazilgan aksiya karantin tartib-qoidalariga qat’iy rioya qilingan holda tuman sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi mutaxassislarining maxsus nazorati ostida tashkil etilgan.

Aksiya o‘tkaziladigan hududda aksiya boshlanishidan oldin zararsizlantirish guruhi tomonidan zararsizlantirish ishlari olib borilgan. Shuningdek, tadbir avvalida barcha aksiya ishtirokchilari maxsus tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, antiseptik vositalari bilan dezinfeksiya qilingan holda ishtirok etishga ruxsat berilgan.

Kasallik 24-may kuni tumanning “Jonobod” MFY hududida yashovchi fuqaroda aniqlangani, shu kunning o‘zida ushbu hudud tezkorlik bilan karantinga olingani ta’kidlangan.

“‘Jonobod’ MFY tuman markazidan 6 kilometr aksiya o‘tkazilgan hudud (‘Kuyganyor’ MFY)dan 12 kilometr uzoqlikda joylashgan bo‘lib, tashkil etilgan piyoda yurish aksiyasida ushbu hududdan hech kim ishtirok etmaganligini ma’lum qilamiz”, — deyiladi xabarda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan 25-may kuni berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Andijon viloyatida koronavirusga chalinish bo‘yicha jami 175 ta holat qayd etilgan. Bu raqam 17-may kunidan buyon o‘zgarishsiz qolmoqda.

Mavzuga doir: