Daryo.uz | Rasmiy kanal

O‘zbekistonda aholi salomatlik darajasini yaxshilashda hissa qo‘shganlar uchun orden va medal ta’sis etildi

“‘Salomatlik’ ordenini ta’sis etish to‘g‘risida” hamda “‘Sog‘lom turmush’ medalini ta’sis etish to‘g‘risida”gi qonun 26-may kuni Prezident tomonidan imzolandi, deb xabar bermoqda Adliya vazirligi matbuot xizmati. Qonun bilan “Salomatlik” ordeni va “Sog‘lom turmush” medali ta’sis etildi hamda orden va medal to‘g‘risidagi tegishli nizom tasdiqlandi.

“Salomatlik” ordeni bilan O‘zbekiston fuqarolari mamlakatda sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, aholi salomatligini yaxshilash hamda ushbu sohada xalqaro hamkorlikni mustahkamlashdagi alohida xizmatlari uchun mukofotlanadi. Orden bilan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ham mukofotlanishi mumkin.

https://s.daryo.uz/wp-content/uploads/2020/05/orden-HA.jpg
Foto: Adliya vazirligi matbuot xizmati

“Salomatlik” ordeni ikki darajadan iborat bo‘ladi.

Mukofotlash quyidagi tartibda: avval II darajali orden, oradan kamida 3 yil o‘tganidan keyin I darajali orden bilan taqdirlash tarzida amalga oshiriladi.

“Sog‘lom turmush” medali bilan aholi orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga qo‘shgan hissasi uchun sog‘liqni saqlash muassasalari shifokorlari, OAV vakillari va blogerlar, fuqarolar, namunali oilalar va sportchilar va boshqa shaxslar mukofotlanadi.

Medal bilan mukofotlangan shaxslar BHMning 10 baravari miqdoridagi bir martalik pul mukofoti oladi va qonun hujjatlarida belgilanadigan imtiyozlardan foydalanadi.

https://s.daryo.uz/wp-content/uploads/2020/05/medal.jpg
Foto: Adliya vazirligi matbuot xizmati

Ushbu qonunlar rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

Eslatib o‘tamiz, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 23-mart kungi majlisida deputatlar bir necha qonun loyihalari qatorida “III va IV darajali ‘Sog‘lom avlod uchun’ ordenini ta’sis etish to‘g‘risida”gi,  “‘Sog‘lom avlod uchun’ medalini ta’sis etish to‘g‘risida”gi qonun loyihalarini muhokama qilgandi.

“Bu yangilik, ayniqsa, koronavirus pandemiyasi butun dunyoga xavf solib turgan bugungidek kunda nihoyatda dolzarb ahamiyatga ega bo‘lib, kechani kecha, kunduzni kunduz demay, o‘z sog‘lig‘i va hayotini xavfga qo‘yib bo‘lsa-da, odamlar salomatligi uchun kurashayotgan fidoyi kasb egalarini ma’naviy jihatdan rag‘batlantirishga imkon yaratadi”, — deb ta’kidlagandi parlament xabarida.

Ayni paytda O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish bilan bog‘liq 3333 ta holat aniqlangan. Kasallikdan vafot etgan bemorlar soni 14 kishiga yetdi.