Daryo.uz | Rasmiy kanal
Xitoyda koronavirusga chalinganlar 1 kishiga, Janubiy Koreyada esa 40 kishiga oshdi
Xitoyda so‘nggi bir sutkada koronavirus bilan kasallanish bo‘yicha 1 ta hamda kasallik belgisiz o‘tayotgan 28 ta holat qayd etildi. Bemorlardan hech biri vafot etmadi, deb xabar bermoqda “RIA Novosti” Xitoy Sog‘liqni saqlash milliy komissiyasiga tayanib.
Yangi kasallanish holati chetdan yuqtirilgan bo‘lib, Shanxayda qayd etilgan.
Epidemiya boshlanganidan buyon Xitoyda 82 993 kishini koronavirusga chalingani qayd etildi. Bemorlarning 78 280 nafari sog‘aydi, 4 634 nafari vafot etdi. Kasalxonalarda 79 nafar bemor davolanmoqda.
Shuningdek, sutka davomida 28 kishi infeksiyani belgilarsiz tashuvchi sifatida qayd etilgan. Shunday kishilarning yana 404 nafari shifokorlar nazoratida bo‘lib turibdi.
22-may kuni mamlakatda epidemiya boshlanganidan buyon birinchi bor koronavirusga chalinish bo‘yicha yangi holat qayd etilmagandi. Ertasi kuni esa 3 kishida kasallik aniqlangan.
Janubiy Koreyada esa aprel oyidan buyon birinchi marta sutka davomida 40 kishi koronavirusga chalingani qayd etildi. Kasallanganlarning umumiy soni 11 265 nafarga yetdi, deb xabar bermoqda “RIA Novosti” mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Kasalliklar nazorati va profilaktikasi markazi (KCDC) ma’lumotlariga tayanib.
Aprel oyidan boshlab kunlik kasallanishlar soni 40 nafardan 10-20 kishigacha, 6-may kuni esa bu ko‘rsatkich 2 kishigacha tushgandi.
Qayd etilishicha, yangi kasallanish holatlarining 37 tasi Seulning odam gavjum bo‘lgan Itxevon hududidagi klub va barlarida COVID-19 tarqalishi holati bilan bog‘liq. Qolgan 3 tasi esa chetdan yuqtirilgan.
Mamlakatda chet eldan kelganlarning barchasi ikki haftalik karantinda bo‘ladi. 11-maydan boshlab esa ular qaysi mamlakatdan kelgani va kasallik alomatlari bor-yo‘qligidan qat’i nazar, majburiy koronavirus tekshiruvidan o‘tkaziladi.
Shuningdek, so‘nggi sutkada 20 kishi kasallikdan tuzalib, sog‘ayganlarning umumiy soni 10 295 nafarga yetgan. Virus qurbonlari soni esa 269 kishini tashkil qilmoqda.
Xabarda aytilishicha, koronavirusga chalinganlarning 30 foizida kasallik alomatlarsiz kechayotgani uning sezdirmasdan tarqalishiga olib kelmoqda.
Mavzuga doir: