Daryo.uz | Rasmiy kanal

Dunyo siyosiy maydonidagi yana bir to‘qnashuv. Erdo‘g‘on va Asad o‘rtasidagi ziddiyatning oxiri nima bo‘ladi?

Bugungi kunda dunyo siyosiy maydonida bir nechta ziddiyatli vaziyatlar yuzaga kelmoqda. “Daryo” kolumnisti, rossiyalik siyosatshunos Mixail Magid Suriya va Turkiya bilan bog‘liq ana shunday siyosiy masalalar haqida fikr yuritadi. 

Suriyada vaziyat yana taranglashmoqda. 5-mart kuni Moskva va Anqara o‘rtasida Idlib provinsiyasida tinchlik o‘rnatish bitimi imzolanganiga qaramay, Suriya prezidenti Bashar Asadning armiyasi mazkur hududdagi qurollangan muxolifat otryadlariga zarba berishda davom etmoqda. O‘z navbatida tarkibida “Al-Qoida”ga aloqador jangarilar bo‘lgan mahalliy anti-asad kuchlari ham bunga nisbatan o‘t ochish bilan javob qaytarmoqda. Ushbu jangarilar Idlibdagi M4 trassasini ham rus va turk harbiylarining birgalikdagi patrul qilinishiga to‘sqinlik qilmoqda – bunday patrul qilish o‘sha kelishuvda nazarda tutilgan edi.

Turkiya “al-Qoida”ning Suriyadagi sobiq tarmog‘i bo‘lgan “Hayat Tahrir ash-Shom”ning (XTSh) 15-20 ming kishidan iborat guruhini qurolsizlantirishdan bosh tortyapti va hatto ushbu guruhlarning va Idlibdagi Turkiyaga tarafdor bo‘lgan boshqa anti-asadchi kuchlarning qo‘shma shtablari tuzilayotgani haqida ham xabarlar mavjud. Bu ham Rossiya—Turkiya kelishuvlariga ziddir. Bir qarashda koronavirus keltirib chiqargan muammolar tufayli qo‘shinlari Suriya hududining muayyan qismlarini egallab turgan Turkiya, Rossiya, AQSh, Eron singari mamlakatlarning diqqat-e’tibori ichki muammolarni hal qilishga qaratilgandek va ularning hozir Suriyadagi vaziyatning jiddiylashishidan katta manfaati yo‘qdek tuyuladi.

Albatta, Asad armiyasining o‘zi ham murakkab ahvolda. Ular orasida ko‘pchilikda yo‘tal bor va bu haqidagi xabarlar asadchi qo‘shinlar faol harbiy harakatlarni davom ettirayotgan bir paytda kutilmaganda keng ko‘lamli demobilizatsiyani boshlashidan avval ham yangragan edi. Asadchi qo‘shinlar COVID-19 bilan zararlanganmi yoki ularda shunchaki oddiy grippmi – bizda bu haqidagi aniq ma’lumotlar yo‘q bo‘lsa-da, lekin baribir vaziyat Asad rejimi uchun yaqqol xavotirli bo‘lib turibdi.

Shunga qaramay, Idlibdagi vaziyat borgan sari yomonlashmoqda. Avvalroq ham taxmin qilinganidek, Rossiya va Turkiya o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatishga oid 5-mart kelishuvlari yaxshi ishlamayapti. Suriyadagi barcha rus—turk kelishuvlari yaxshi ish bergani yo‘q va ular sistematik ravishda buzilmoqda, vaqti-vaqti bilan barbod bo‘lyapti. Bu jarayonga bir tarafdan Turkiya va Turkiyaga tarafdor bo‘lgan anti-asadchi jangarilar ishtirokidagi va ikkinchi tarafdan Rossiya va Asad ishtirokidagi harbiy harakatlar yo‘ldosh bo‘lmoqda.

Anqara va Moskva o‘zaro to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy to‘qnashuvlardan qochayotgan bo‘lsa-da, lekin kun kelib bunday to‘qnashuv sodir bo‘lish xavfi katta. Eslatib o‘tamiz, 2015-yilda Turkiya Rossiyaning harbiy samolyotini urib tushirgandi. Suriya allaqachon kuchli mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro “imperialistik taqsimot maydoni” desa bo‘ladigan obyektga aylandi. Rossiya va Eron o‘zlariga qarashli Eronga tarafdor shia ko‘ngilli qo‘shinlari yordamida Asad bilan birgalikda Suriya hududining 65 foizini nazorat qilmoqda. Anti-asad kuchlari, shu jumladan, XTSh va “Al-Qoida” otryadlari turk qo‘shinlari bilan birgalikda Suriyaning shimoli va shimoli-g‘arbidagi qator hududlarni egallagan.

https://s.daryo.uz/wp-content/uploads/2020/05/jA_VJbY9oVhlw2dZ_kaDZ5J_m7HPkhGl.jpg
Foto: Google Photos

AQShning muayyan harbiy qo‘llab-quvvatlashi ostidagi kurd harbiy tuzilmalari Suriyaning shimolidagi, shimoli-sharqi va sharqida joylashgan 25 foizga yaqin hududini nazorat qilmoqda. Amerikaliklar Suriyadagi asosiy neft konlarini o‘z nazoratlariga olgan, lekin konlardan tashqaridagi hududlarda Amerika askarlari kurdlarga hech qanday harbiy ko‘mak ko‘rsatayotgani yo‘q. Shu sababli ham kurdlar o‘zlarining muxtoriyatini mustaqil ravishda himoya qilishga intilmoqda.

Asad Idlibdagi yangi hujum operatsiyalariga tayyorgarlik ko‘rayotgani aniq. U Turkiyaga tarafdor bo‘lgan anti-asadchi kuchlar egallab turgan ushbu anklavni bartaraf etmoqchi. Asad bir vaqtning o‘zida ham rus qo‘shinlariga va ham Eron qo‘shinlariga va shuningdek, Eronga tarafdor shia kuchlariga tayanib, muayyan ma’nodagi harakat erkinligiga ega bo‘ldi. U o‘yin qilyapti – agar tomonlardan biri uni qo‘llab-quvvatlamay qo‘ysa, u boshqasiga tayanishi mumkin; tomonlar o‘rtasidagi o‘zaro raqobat sharoitida esa bu narsa eronliklarni ham, ruslarni ham uni qo‘llab-quvvatlashga safarbar qiladi.

Shu bilan birga, Londonda chiqadigan Middle East Eye tahliliy nashri yaqinda Asadning BAA shahzodasi Muhammad ibn Zayd bilan hamkorlik qilishi haqidagi muhim ma’lumotlarni e’lon qildi. U Asadni Idlibdagi o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzishga undagan. Manbalardan aytilishicha, Abu-Dabi valiahd shahzodasi Muhammad ibn Zaydning (MbZ) rejasi Turkiyani Suriyada bog‘lab qo‘yish va shu orqali uni Liviya poytaxti Tripoli uchun janglardan chalg‘itishdan iborat ekan.

Lekin aynan shu narsa orqali u va Asad birgalikda Rossiya va Turkiyani o‘zaro urishib ketishiga sabab bo‘lib qolishi mumkin edi. Middle East Eye yozishicha, valiahd shahzoda Idlibdagi hujum harakatlarini qayta boshlashi uchun Asadga 3 milliard dollar to‘lashga rozi bo‘lgan va shundan bir milliard dollarini mart oxirigacha to‘lab berishi kerak edi. O‘t ochishni to‘xtatish rejimi haqida e’lon qilingan paytda 250 million dollar allaqachon oldindan to‘lab berilgan bo‘lgan.

https://s.daryo.uz/wp-content/uploads/2020/05/25456bbf79ee49599bcfcc097c095d71_18.jpg
Foto: Google Photos

Asadning aytishicha, Eron o‘zida naqd pul yo‘qligi sababli unga pul bermay qo‘ygan, ruslar esa baribir unga pul berishmaydi. Shu sababli ham u Suriyani to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘llab-quvvatlashi uchun deb (BAA shahzodasidan) 5 milliard dollar so‘ragan. Ular 3 milliard dollarga kelishishgan va shundan bir milliard dollarni Asadga mart oxirigacha berishlari kerak bo‘lgan. Asad Idlibdagi Turkiya kuchlariga zarba berish maqsadida o‘z kuchlarini to‘play boshlaganda, Suriyadagi vaziyatni diqqat bilan kuzatib turgan ruslar mazkur reja haqida payqab qolishgan va buning amalga oshirilishini oldini olishgan.

Boshqa tarafdan, hozirda Turkiya Idlibda 5 ming dona harbiy texnika, shu jumladan, yuzlab artilleriya sistemalarini va 10 mingdan ziyod harbiylarni to‘plagan. Lekin eng asosiysi – uchuvchisiz harbiy apparatlardir. Ular vositasida Anqara 28-fevraldan 5-martgacha bo‘lgan oraliqda Asad va uning ittifoqchilariga qaqshatqich zarbalar berdi va qarshi tarafning ko‘p sondagi harbiy texnikasini hamda tirik kuchlarini yo‘q qildi. Shu bilan birga, bunday harbiy harakatlarni olib borishning yangi texnologiyalarga asoslangan mutlaqo yangicha usullarini namoyish qildi.

Shunday tarzda tor-mor keltirganidan keyin ham Turkiya o‘zining ultimatumini – asadchilar va ularning ittifoqdoshlarini Idlib deeskalatsiya hududining eski chegaralariga qaytishi haqidagi talabini jiddiy ilgari surmagani g‘alati. Hatto turk kuzatuv punktlari ham asadchilarning ortida qolib ketdi. Erdo‘g‘on Asadni tor-mor keltirib ham, turk qo‘shinlarini va Turkiyaga tarafdor qo‘shinlarning M5 trassadan nari ketishiga hamda Idlibdagi M4 trassasini esa rus va turk qo‘shinlarining birgalikdagi patrul qilishini o‘z ichiga oluvchi Kreml bilan 5-martdagi anchayin kamtar kelishuvlarga nima uchun rozi bo‘lgani bizga noma’lum.

Ehtimol, bu Erdo‘g‘onning Turkiyani o‘zaro yaqin iqtisodiy aloqalar bog‘lab turuvchi Rossiya bilan ixtilofga borishni istamagani bilan bog‘liq bo‘lsa kerak. Lekin Erdo‘g‘onning bunday “kamtarligi” Turkiyaning Rossiya va Asad rejimiga qo‘yayotgan yanada qat’iy talablari, xususan, uning Suriyaning shimoli-sharqidagi kurd hududlarini Rossiya va Asad Turkiyaga topshirishini istayotgani bilan bog‘liq bo‘lishi ham mumkin (albatta, neftga boy bo‘lgan va amerikaliklar turgan hududlarni emas). Tabiiyki, asosiy kuchlari kurdlardan iborat bo‘lgan Suriyaning sharqi va shimoli-sharqidagi Muxtoriyat ma’muriyatining bu boradagi fikri Turkiyani qiziqtirayotgani yo‘q.

https://s.daryo.uz/wp-content/uploads/2020/05/920__95_2362333175.jpg
Foto: Google Photos

Suriya hududidagi kurd tuzilmalariga qarshi kurash – Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning mazkur hudud bo‘yicha strategiyasining eng muhim qismidir, chunki ushbu tuzilmalar Turkiya Kurdistoni yoki shimoliy Kurdistonning muxtoriyati uchun kurashayotgan kuchlar bilan aloqador hisoblanadi. Ma’lumot uchun, Suriya Kurdistoni (yoki g‘arbiy Kurdiston — Rojava) o‘ziga xos pirog ko‘rinishini olgan bo‘lib, uning alohida, muayyan hududlarini amerikaliklar o‘z qo‘llarida tutib turishibdi, yana boshqa hududlarni esa kurd harbiy kuchlari bilan Asad qo‘shinlari birgalikda nazorat qilmoqda.

Turkiya ushbu hududlarni egallab olmoqchi va Turkiya—Suriya chegarasidan kurdlarni siqib chiqarib, ularni Turkiyaning o‘zidagi hamfikrlari bilan o‘zaro hamkorlikdan mahrum qilmoqchi. Bundan tashqari, Turkiya turk kurdlariga namuna bo‘lishidan xavotirdaligi sababli Suriyadagi mustaqil kurd anklavini ham tugatishni istaydi. Bir so‘z bilan aytganda, hozirgi paytda Asad va Erdo‘g‘on o‘zaro qarama-qarshilikning kuchayishiga omil bo‘luvchi, uzoqni ko‘zlagan ambitsiyalarga ega. Bu esa ular orasidagi harbiy harakatlarning yangi to‘lqinini yuzaga keltirishi mumkin. Shu bilan birga, bunday ziddiyatga shu paytgacha oldini olishga erishilayotgan bo‘lsa-da, Asadning ittifoqchilari – Rossiya va Eronning aralashib qolishi ehtimoli bor.