Daryo.uz | Rasmiy kanal
Namangan viloyati tibbiy niqoblar ishlab chiqarish bo‘yicha O‘zbekistonda yetakchilik qilmoqda
Namangan viloyatida bugungi kunda 36 ta korxona tibbiy niqob ishlab chiqarish bilan shug‘ullanmoqda. Bu haqda “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasining viloyatdagi vakili Nurbek Abdullayev ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev.
Keyingi o‘rinlarda Toshkent shahri (29), Andijon (28) va Toshkent viloyatlari (24 ta korxona) qayd etilgan. Ularning ulushiga mamlakatda ishlab chiqarilayotgan ushbu mahsulotning 75 foizi to‘g‘ri kelmoqda.
“Namangandagi tikuv-trikotaj korxonalari bir kunda 350 ming dona tibbiy niqob va 12 ming dona himoya kombinezoni tayyorlash quvvatiga ega. Ularning 17 tasi eksport shartnomalari tuzishga ham ulgurdi. Jumladan, “Axsikent sof sanoat” MChJ Rossiyaga jami 440 ming dollarlik 2 million dona tibbiy niqob jo‘natish bo‘yicha kelishuvga erishgan”, — deydi Nurbek Abdullayev.
“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi vakilining bildirishicha, Namangan bugungi kunda ushbu himoya vositalarining yetarlicha zaxirasi yaratilgan. Jumladan, hozirda viloyatdagi korxonalar omborlarida 800 ming donadan oshiq tibbiy niqob, 12 mingta himoya kombinezoni mavjud.
Mavzuga doir: O‘zbekiston Rossiyaga gumanitar yordam sifatida 5 mln dona tibbiy niqob yuboradi