Daryo.uz | Rasmiy kanal
Qarshi tuman hokimi Maqsuda Mustafoyeva: “Aripovdek quyushqondan chiqadi deb o‘ylasangiz, menda bunday bo‘lmaydi”
Qashqadaryoda klaster va tuman hokimligi o‘rtasida bo‘lib o‘tayotgan sud jarayonida so‘z olgan Qarshi tumani hokimi Maqsuda Mustafoyeva klaster rahbari Nurbek Ergashevning savoliga javob berarkan, “Aripovdek quyushqondan chiqadi deb o‘ylasangiz, menda bunday bo‘lmaydi”, dedi. Mustafoyeva bu gapi bilan o‘rinbosari Akrom Aripovni o‘tgan sud majlisida quyushqondan chiqqanligini ta’kidladi.
Sudda da’vogar sifatida ishtirok etgan Sulton Tex Group korxonasi rahbari Nurbek Ergashev hokimga “Kooperatsiya deganda nimani tushunasiz? Klaster faoliyati tugatilmasdan tumanda tashkil etilgan kooperatsiya qonun talablariga mos tuzildimi?”, deya savol berdi.
Hokim esa tumandagi kooperatsiya qonuniy asosda tuzilganini ta’kidlab, fermerlarning ixtiyoriy birlashuvi kooperatsiya bo‘lishini aytdi.
Mavzuga doir:
- Qarshi tumani hokimi o‘rinbosari sudda klaster faoliyati to‘xtatilishini klaster rahbarining selektorda qatnashmasligi, hokim telefoniga javob bermasligi bilan izohladi
- Qarshi tuman hokimi va o‘rinbosari sudda ikki xil ko‘rsatma berdi. Qay birining gapi rostligi ochiq qolmoqda
Sudda qatnashgan Biznes-ombudsman vakili Sheroz Shodiyev tuman hokimidan klaster tumandagi banklarda hisob raqam ochmaganini tanqid qilganini eslatib, bu tadbirkor ishiga aralashish ekanligini va hokimdan bunday harakatining sababini so‘radi.
Qarshi tuman hokimi esa tadbirkorning Qarshi shahridagi banklarda hisob raqam ochganiga qarshimasligini, bu borada klasterga e’tiroz bildirmaganini ta’kidladi.
Kezi kelganda aytish lozimki, Qarshi tumani hokimi “Daryo” muxbiri bilan shu masala yuzasidan suhbatida klaster tumandagi banklarda hisob raqam ochmaganini aytib, bunga e’tiroz bildirgandi.
Sudda so‘z olgan Sulton Tex Group vakili Eshqobil Pardayev tuman hokimiga bosh vazir o’rinbosari O‘ktam Barnoyevga yozgan xatida klaster rahbariga hisob raqamini tumandagi banklarga ko‘chirib kelish bo‘yicha bir necha marta ogohlantirish berganini yozib, Barnoyev va viloyat hokimi Zoir Mirzayevdan tadbirkorning o‘zboshimchaligini inobatga olib, unga ko‘rsatma berishini so‘raganini aytdi va hokimdan ushbu xatga izoh so‘radi.
Hokim mazkur holatni izohlar ekan, xatda “ogohlantirilgan” deb yozgan bo‘lsa-da, tadbirkorni bu borada biror marta ham ogohlantirmaganini aytdi. “O‘ktam Barnoyevga yuborilgan xatdagi ogohlantirish so‘zi esa xato ketgan bo‘lishi mumkin”, dedi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur sud jarayoni 5-iyunga qadar tanaffus e’lon qilgandi.
Mavzuga doir:
- Qashqadaryoda Prezident ishonch bildirgan klasterni tugatish uchun fermerlar bo‘sh shartnomaga muhr bosib, imzo qo‘yishga majburlanmoqda
- “IIB fermerlar ortidan quvgan, YPX klaster avtomobillarini jarima maydoniga olib ketmoqda”. Qashqadaryoda IIB xodimlari boshqarma boshlig‘i buyrug‘iga zid ish qilmoqda