Daryo.uz | Rasmiy kanal

AQSh pandemiya vaqtida Markaziy Osiyo mehnat muhojirlari himoyasi uchun 2 mln dollar ajratadi

AQSh hukumati COVID-19 pandemiyasi vaqtida Markaziy Osiyoda mehnat muhojirlarini himoya qilishga 2 million dollar ajratadi. Loyiha doirasida ularga yuridik yordam ko‘rsatilib, muqobil turmush tarzi qo‘llab-quvvatlanadi. Bu haqda AQShning O‘zbekistondagi elchixonasiga tayanib, “Gazeta.uz” xabar berdi.

https://s.daryo.uz/wp-content/uploads/2020/05/%D0%A2%D0%BE%D0%B7%D0%B0%D0%BB%D0%B0%D1%88_%D0%BE%D0%B1%D0%BE%D0%B4%D0%BE%D0%BD%D0%BB%D0%B0%D1%88%D1%82%D0%B8%D1%80%D0%B8%D1%88_%D0%A2%D0%9E%D0%91_%D0%B8%D1%88%D1%87%D0%B8%D0%BB%D0%B0%D1%80_3-680x475.jpg
Foto: “Daryo”

Ma’lum qilinishicha, AQSh hukumati Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) orqali COVID-19 pandemiyasi davrida Markaziy Osiyoda muhojirlarni himoya qilish uchun 2 million dollar ajratadi.

“COVID-19 pandemiyasi Markaziy Osiyodagi millionlab muhojirlarning gumanitar va moliyaviy inqiroziga olib keldi, ularning aksariyati Markaziy Osiyo bo‘ylab tranzit va o‘tish joylarida qiyinchiliklarga duch kelmoqda”, — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, ish va chetdan yuborilayotgan pul mablag‘larini yo‘qotish oilalarni tegishli resurslarsiz hamda huquqiy himoyasiz qoldirdi. Shuningdek, migrantlar o‘zlarini virusdan qanday himoya qilish to‘g‘risida ma’lumot va resurslarga ega emas.

USAID “Markaziy Osiyoda xavfsiz migratsiya” loyihasi doirasida juda zarur bo‘lgan yordamni taqdim etadi, shu jumladan axborot manbalari bilan ta’minlaydi, asosiy xizmatlarga yo‘llanmalar beradi, muqobil turmush tarzini qo‘llab-quvvatlaydi, muhojirlarga ushbu qiyin vaziyatni yengishda yordam berish uchun ko‘nikmalar va treninglar o‘tkazadi. Shuningdek, loyiha yuridik va psixologik yordam ko‘rsatish orqali muhojirlarning huquqlarini himoya qiladi.

Eslatib o‘tamiz, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi USAID koronavirusga qarshi kurash uchun O‘zbekistonga fevral, mart va aprel oylarida yordam ko‘rsatdi. Bundan tashqari, AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi (CDC/CAR) Markaziy Osiyo hukumatlarining COVID-19’ga qarshi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 6,8 million dollar ajratdi, buning 2,07 million dollari esa O‘zbekistonga berildi. Shuningdek, COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar doirasida AQSh hukumati USAID orqali O‘zbekistonga qo‘shimcha 3 million dollar ajratishi ma’lum qilindi.