Daryo.uz | Rasmiy kanal
Jizzaxda 105 mln so‘mni talon-toroj qilgan “Agrobank” mansabdorlariga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Jizzax viloyati Do‘stlik tumanidagi fermer xo‘jaliklari mablag‘larini rastrata qilgan bank mansabdorlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura “Daryo”ga ma’lum qildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Do‘stlik tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda ATB “Agrobank” Do‘stlik filiali mansabdor shaxslari fermer xo‘jaliklari mablag‘larini talon-toroj qilgani aniqlandi.
Ular “A-f.” va “N-m.” fermer xo‘jaliklari rahbarlarini xabardor qilmagan holda hisob raqamlaridagi jami 105,2 million so‘m pul mablag‘larini to‘lov topshiriqnomalarisiz “ko‘rsatilgan texnika xizmatlari uchun” hamda “qoplanmagan kredit mablag‘larini qoplash uchun” mazmunida boshqa fermer xo‘jaliklarining hisob raqamlariga o‘tkazib, pul mablag‘larini o‘zlashtirgan.
Mazkur holat yuzasidan ATB “Agrobank” Do‘stlik filiali mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.