Daryo.uz | Rasmiy kanal
Yaponiya O‘zbekistondagi qishloq ayollarining iqtisodiy huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish uchun 3 mln dollar ajratadi
Yaponiya hukumati koronavirus pandemiyasi sharoitida O‘zbekistondagi qishloq ayollarining iqtisodiy imkoniyatlari va huquqlarini kengaytirish uchun uch million dollar miqdorida moliyaviy yordam ko‘rsatadi. Bu haqda Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasiga tayanib, “Gazeta.uz” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Farg‘ona, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarida yashovchi, taxminan, 3500 nafar ayol kasbiy ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ladi, ular uchun moliyaviy xizmatlardan va tadbirkorlik bilan shug‘ullanish imkoniyatidan foydalanish yengillashadi.
Loyihani amalga oshirish 300 ta kichik va o‘rta korxonaga biznes yuritish uchun mablag‘ olishga yordam beradi, shuningdek, 1500 ta yangi ish o‘rnini yaratadi.
Bundan tashqari, pandemiya sharoitida Yaponiya Tashqi ishlar vazirligi va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) O‘zbekistonga koronavirusga qarshi kurash uchun tibbiy uskunalar va materiallarni beg‘araz yordam shaklida taqdim etishni rejalashtirmoqda. Mazkur yordam tarkibidan shaxsiy himoya vositalari, sun’iy nafas oldirish apparatlari, raqamli rentgen tashxis apparatlari va boshqalar o‘rin oladi.
“Mazkur grantning umumiy summasi hali aniqlanmagan, biroq agar yuqorida qayd etilgan mehnat sohasidagi 3 million dollarlik ko‘makni hisobga olsa, yordamning umumiy qiymati 10 million dollarga yetishi yoki undan oshishi mumkin”, — deyiladi Yaponiya elchixonasi xabarida.
Shuningdek, Yaponiya elchixonasi O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligining onlayn mashg‘ulotlar uchun Yaponiyaning tarixi, tabiati, fani va texnologiyalari haqida ma’lumot beruvchi va ta’limiy DVD dasturlarni tadim etish haqidagi so‘rovini ko‘rib chiqmoqda.
Ma’lumot uchun, Yaponiya hukumati 2020-yilda koronavirus pandemiyasining iqtisodiy oqibatlariga qarshi kurashish uchun 100 trillion iyenadan (929,45 milliard dollar) ortiq ikkinchi qo‘shimcha budjetni shakllantirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
O‘zbekiston esa Janubiy Koreyadan koronavirusga qarshi kurash uchun navbatdagi insonparvarlik yordamini qabul qildi.