Daryo.uz | Rasmiy kanal

Xorijlik investorlar uchun ko‘zda tutilgan imtiyozlar endi mahalliy xususiy sarmoyadorlar uchun ham joriy qilinadi

Shavkat Mirziyoyev 26-may, seshanba kuni investitsiya masalalari bo‘yicha o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi loyihalar ham atroflicha tahlil qilindi.

https://s.daryo.uz/wp-content/uploads/2020/05/92c30794-295a-e8e6-e5d4-fdf4e56e2cf3.jpg
Foto: Prezident matbuot xizmati

2020-yilda o‘zlashtirilayotgan bunday sarmoyalarning 34 foizi neft-gaz, energetika, tog‘-kon va metallurgiya tarmoqlari hamda 52 foizi hududiy loyihalarga tegishli ekanligi, shu bilan birga, elektrotexnika, kimyo va oziq-ovqat sanoatida bu kabi investitsiyalarni bir necha baravar oshirish imkoniyati mavjudligi qayd etildi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga “o‘sish nuqtasi” bo‘la oladigan axborot texnologiyalari, zargarlik, kimyo, elektr texnikasi, oliy ta’lim, sog‘liqni saqlash sohalariga faol sarmoyalar jalb qilish bo‘yicha alohida yondashuvlarni ishlab chiqish topshirildi.

To‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha yondashuvlarni o‘zgartirish, mahalliy investorlarni qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish lozimligi ta’kidlandi.

Bugungacha faqat xorijlik investorlar uchun ko‘zda tutilgan imtiyozlar endi mahalliy xususiy sarmoyadorlar uchun ham joriy qilinadi. Misol uchun, xususiy investor o‘z hisobidan 25 million dollardan ortiq qiymatdagi loyiha boshlasa, tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari budjet hisobidan qurib beriladi.

Shuningdek, chet elda yashayotgan o‘zbekistonliklarni respublikaga investitsiya kiritishga rag‘batlantirish va ular bilan doimiy ishlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.