Daryo.uz | Rasmiy kanal

Haydovchilik guvohnomasini yangi namunadagisiga almashtirish muddati bir yilga uzaytirildi

O‘zbekistonda eski namunadagi haydovchilik guvohnomalarini yangisiga majburiy almashtirish muddati bir yilga uzaytirildi va 2021-yil oxirigacha deb belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligining Telegram’dagi “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

https://s.daryo.uz/wp-content/uploads/2018/03/q7bqbp14886392040816_b.jpg
Foto: O‘zA

Hukumatning ayrim qarorlariga Vazirlar Mahkamasining 22-maydagi 319-sonli qarori bilan o‘zgartirishlar kiritilgan.

Ularga ko‘ra, eski namunadagi milliy haydovchilik guvohnomalarini yangi namunadagi guvohnomaga majburiy almashtirish muddati 2021-yil 31-dekabrgacha uzaytirildi. Bundan avvalgi muddat 2020-yil 31-dekabr etib belgilangan edi.

Eski namunadagi milliy haydovchilik guvohnomalari hamda avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomalar 2022-yil 1-yanvardan boshlab haqiqiy emas deb hisoblanadi (ilgarigi muddat 2021-yil 1-yanvar edi).

Bundan tashqari, avtomototransport vositasini 12 oy mobaynida boshqarganlikni tasdiqlovchi hujjatlar qatoriga transport vositasi egasining yaqin qarindoshlari uchun avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tgani to‘g‘risidagi guvohnoma va transport vositasi egasining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polisi ham qo‘shildi.

O‘zbekistonda yangi namunadagi haydovchilik guvohnomalarini berish 2017-yilda boshlangan. Fuqaro haydovchilik guvohnomasini almashtirishi uchun doimiy yashash joyidagi davlat xizmatlari markaziga, markazda bunday xizmat mavjud bo‘lmagan hududlarda YHXBning tegishli bo‘linmalariga murojaat qiladi.

Bunda fuqarolik pasporti, eski haydovchilik guvohnomasi va uning talonini taqdim etish lozim. Eski guvohnomani yangisiga almashtirish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 70 foizi miqdorida to‘lov amalga oshirilishi zarur.

Mavzuga doir: O‘zbekistonda haydovchilik guvohnomasini olish uchun avtomaktablarda o‘qish majburiyligini bekor qilish taklif etildi