Daryo.uz | Rasmiy kanal

Dunyodagi eng yirik ijara avtomobillar servislaridan biri bankrotligini e’lon qildi

Butun dunyoga mashhur Hertz ijara kontorasi ko‘p milliardlik qarzlari va koronavirus pandemiyasi oqibatida talabning kamayib ketgani sabab bankrotligini e’lon qildi, deb xabar beradi Motor.

https://s.daryo.uz/wp-content/uploads/2020/05/10915d44cec1074ba796b5579926977daf723ff8-680x408.jpg
Foto: Motor

Moliyaviy muammolar talabning kamaygani bois keskin tushib ketgan daromadlar bilan izohlangan: avtomobillar ijarasi bilan shug‘ullanuvchi yirik servis bankrotligini ma’lum qildi. Hertz’ning bosh kompaniyasi Amerika qonunchiligiga ko‘ra, Delaver okrugining bankrotlik sudiga qayta tashkil etish to‘g‘risida ariza bergan. Kompaniyaning ma’lum qilishicha, bankrotlikka koronavirus pandemiyasi oqibatida ijara avtomobillari xizmatiga bo‘lgan talabning “kutilmaganda va dramatik” ravishda tushib ketishi sabab bo‘lgan. Natijada bu daromadning keskin kamayishiga va 17 milliard dollar miqdoridagi zararga olib kelgan.

Sud Hertz ishini ko‘rib chiqquniga qadar kompaniya mijozlarga xizmat ko‘rsatishni davom ettiradi — kompaniyada o‘zining hozirgi faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga 1 milliard dollari qolgan.

Iltimosnoma Hertz Global Holdings va uning AQSh hamda Kanadadagi bir nechta sho‘ba korxonalari tomonidan kiritilgan. Bankrotlik to‘g‘risidagi ariza Hertz’ning Avstraliya, Yevropa va Yangi Zelandiyadagi servislarining faoliyatini o‘z ichiga olmaydi. Kompaniya bankrotlikdan qochish maqsadida mart oyida o‘ziga tegishli avtomobillarning bir qismini sotib yuborgan, mayda esa qariyb yarim xodimlarini — 20 ming kishini ishdan bo‘shatgandi.

Hertz kompaniyasiga 1918-yilda Chikagoda asos solingan va hozirda AQShda 2 mingga yaqin, butun dunyo bo‘ylab esa 5 mingdan ortiq ijara punktlariga ega.