Daryo.uz | Rasmiy kanal

Toshkent—Andijon pullik avtomobil yo‘li loyihasi bo‘yicha tender e’lon qilinadi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25-may, dushanba kuni transport sohasining barqaror ishlashini ta’minlash va izchil rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

https://s.daryo.uz/wp-content/uploads/2020/05/photo_2020-05-25_19-52-59-680x453.jpg
Foto: Prezident matbuot xizmati

Yig‘ilishda davlat rahbari ichki yo‘llar masalasiga alohida to‘xtalib, ularning holati yomonligi, odamlar bundan norozi ekanini qayd etdi. 80 ming kilometr ichki yo‘llarni rekonstruksiya qilish, bu borada butun dunyoda qo‘llanib kelinayotgan “foydalanuvchi to‘laydi” tizimini joriy etish zarurligi ta’kidlandi.

Qamchiq dovonida muqobil tunnel qurilishini o‘z ichiga oluvchi Toshkent—Andijon pullik avtomobil yo‘li loyihasi bo‘yicha tender e’lon qilinishi belgilandi.

Yig‘ilishda avtotransportda xalqaro yuk tashuvchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash masalasiga e’tibor qaratildi.

Qayd etilishicha, so‘nggi uch yildagi islohotlar natijasida mamlakatda xalqaro yuk tashuvchi transportlar soni 3 baravar oshdi, yuklarni tashishda mahalliy korxonalarning tashqi savdodagi ulushi 37 foizdan 48 foizga yetdi.

Mahalliy tashuvchilarning qatnovlar sonini yanada oshirish, tashqi savdoda ularning ulushini 60 foizga yetkazish chora-tadbirlari belgilandi. Bitta yuk transporti besh nafargacha aholi bandligini ta’minlashi, bu tarmoqda 30 mingta yangi ish o‘rni yaratish mumkinligi ta’kidlandi.

https://s.daryo.uz/wp-content/uploads/2020/05/photo_2020-05-25_19-53-05-680x453.jpg
Foto: Prezident matbuot xizmati

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda ichki yo‘nalishlarda qatnaydigan avtobuslarni yangilash, bunday korxonalarni barqaror moliyaviy resurs bilan ta’minlash yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Mutasaddilar transport sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar bo‘yicha hisobot berdi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent—Andijon pullik avtomobil yo‘li qurilishi haqida dastlab 2019-yilda ma’lum qilingan edi. Shuningdek, Toshkent—Samarqand pullik avtomobil yo‘lini qurish ham rejalashtirilgan.

Mavzuga doir: