Daryo.uz | Rasmiy kanal
Uxanlik olimlar hozirgacha aniqlangan viruslarni aysbergning cho‘qqisi deb atadi, ular viruslarni o‘rganishni davom ettirmoqchi
Xitoyning Uxan shahridagi virusologiya instituti olimlari yangi viruslar tarqalishining oldini olish maqsadida viruslarni o‘rganish ishlarini davom ettirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.
Uxan shahridagi virusologiya institutining yetakchi virusologlaridan biri Shi Chjenlining ma’lum qilishicha, viruslarning insoniyatga ma’lum bo‘lgan turlari aysbergning uchi hisoblanadi, yangi kasalliklar tarqalishining oldini olish uchun ularni o‘rganishda davom etish kerak.
O‘tgan yilning dekabrida Uxanda koronavirus tarqalishi boshlanganidan buyon OAVda va internetda yangi turdagi koronavirus Uxandagi virusologiya instituti laboratoriyasidan “sizib chiqqani” haqidagi turli talqinlar tarqaldi. Institutning o‘zi esa 2020-yil yanvar oyida ochiq xat e’lon qilgan va bu talqinlarni yolg‘on mish-mishlar deb atagan, institut xodimlarining vijdoni “butunlay toza” ekanligini qayd etgan.
“Agar biz insoniyatni yangi yuqumli kasalliklar tarqalishidan saqlamoqchi bo‘lsak, biz tashuvchilari yovvoyi hayvonlar bo‘lgan noma’lum viruslarni tadqiq qilish bilan shug‘ullanishimiz kerak. Bundan tashqari, biz kelajakda epidemiyalarning oldini olish va nazorat qilish uchun ba’zi dorilar va aniqlovchi reagentlar zaxirasiga ega bo‘lishimiz kerak”, — deya ta’kidlagan Shi Chjenli CGTN telekanaliga bergan intervyusida.
Ekspertning qo‘shimcha qilishicha, u noma’lum patologiyalarni o‘rganish bo‘yicha o‘z ishini davom ettiradi, chunki tabiatda ko‘rshapalaklar va boshqa hayvonlarning ko‘plab turlari mavjud, ular ko‘plab viruslarning tashuvchisi bo‘lishi mumkin.
“Biz aniqlagan viruslar aysbergning cho‘qqisi hisoblanadi. Ular bilan hisoblashasizmi yoki yo‘qmi, bu viruslar tabiatda mavjud. Agar biz ularni o‘rganmasak, yana bir virus to‘lqini tarqalishi mumkin va biz ularni bila olmaymiz. Hozir biz qilayotgan ish viruslarni ular bizni topishidan oldin aniqlashdir”, — deya ta’kidlagan virusolog.
Chjenlining ma’lum qilishicha, namunalar yig‘ish uchun laboratoriya ishlari va yovvoyi tabiat sharoitida virus tarqalishining oldini vaqtli olish bo‘yicha modellar ishlab chiqish bilan birga turli sohalardagi olimlar ham talab qilinadi. Uning qo‘shimcha qilishicha, olimlar o‘zaro hamkorlik qilishi, hukumatlar esa hamkorlikdagi ishda ularga yordam berishi kerak.
Avvalroq Shi Chjenli o‘zlaridagi bor qurilmalar va ishchi kuchini hisobga olib, ularda hech qanday sun’iy virusni yaratish imkoniyati bo‘lmaganini ma’lum qilgandi.