Daryo.uz | Rasmiy kanal
Belgiyada bir guruh fuqarolar karantin sababli hukumatni sudga berdi
Belgiyalik 40 nafar fuqarodan iborat guruh karantin vaqtida shaxsiy erkinliklari va huquqlari cheklangani sababli davlatni, mamlakat Ichki ishlar vazirligini va vazirlik rahbari Piter De Kremni sudga berdi. Bu haqda “Korrespondent.net” xabar qildi.
Mazkur fuqarolarning fikricha, mamlakat hukumati inson huquqlari bo‘yicha Yevropa me’yorlarini hisobga olmasdan, Xitoyda qo‘llanilgan choralarni ko‘chirib olgan.
Sudga beruvchilarning advokati aytishicha, Belgiyada kommunistik karantinni qabul qilib bo‘lmaydi, inson huquqlari nuqtayi nazaridan tahlil o‘tkazish kerak edi.
Cheklov choralari Belgiya Milliy xavfsizlik kengashi qarori bilan joriy qilingan bo‘lsa-da, nima sababdan asosiy javobgar De Krem ekanligiga aniqlik kiritilmagan.
Belgiya Ichki ishlar vazirligi mazkur da’vo bo‘yicha vazirlikka hech narsa ma’lum emasligini bildirgan, biroq fuqaroning sudda o‘z huquqini himoya qilishga bo‘lgan huquqini tan olishini ma’lum qilgan.
Jons Hopkins universitetining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, pandemiya boshlanganidan buyon Belgiyada koronavirusga chalinganlar soni 57 092 kishiga yetgan, ulardan 9280 kishi kasallik oqibatida vafot etgan.
Mamlakat aholisining soni 11,5 million kishini tashkil qiladi, koronavirusni aniqlash bo‘yicha testlar faqat kasallikning o‘tkir belgilari kuzatilganlar orasida o‘tkazilmoqda.
Avvalroq Avstriya politsiyasi mamlakat prezidenti karantin qoidalarini buzganligini aniqlagani haqida xabar berilgan edi.