Daryo.uz | Rasmiy kanal
“Oriat dono” radiosidagi “Futbol+” dasturi tugatilmagan. Tok-shou 25-maydan yana efirga chiqadi
“Oriat Dono” radiosining “Futbol plyus” tok-shousi o‘z faoliyatida davom etadi. Bu haqda eshittirish boshlovchisi va muallifi Bobur Akmalov ma’lum qildi.
Xayrulla Hamidov, Bobur Akmalov va Jamoliddin Bobojonov ishtirokidagi eshittirish 25-may, dushanba soat 21:05 dan efirga uzatiladi.
Oriyat Dono radiosi Farg‘ona vodiysida FM 102.4, boshqa hududlarda FM 106.5 to‘lqinlarida, internetda oriatdono.uz, mediabay.uz, youtube.com resurslarida, shuningdek, UzDigital-TV va itv.uz teletarmoqlarida ham bor.
Avvalroq Bobojonov va Akmalovning ishdan bo‘shatilishi hamda “Futbol plyus” tok-shousi faoliyati tugatilishi haqida xabarlar yangragandi.
Eslatib o‘tamiz, eshittirishning 18-may sonida ishtirokchilar “O‘zbekiston 24” telekanalida Sardoba falokatining yoritilishi va O‘zbekistonda karantin tartibi yumshatilishining o‘ziga xosliklari haqida fikr bildirgani keng muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Natijada O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi rahbari Alisher Xadjayev bunga munosabat bildirib, Jamoliddin Bobojonov va Bobur Akmalovning ta’kidlarini “mutlaqo asossiz va noo‘rin tanqidiy fikrlar” deb atagan va ularning “Sport” telekanalida egallab turgan lavozimlariga loyiqligini shubha ostiga olgan edi.
Shundan keyin Bobojonov va Akmalov o‘z arizasiga binoan “Sport” telekanalidan ketgani ma’lum bo‘ldi.
Mavzuga doir: